Virtual saylov komissiyasidan qanday maqsad ko‘zlangan?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Xorijdagi bir guruh o‘zbekistonlik faollar Virtual Saylov komissiyasini tashkil qilganlar.

Ular Islom Karimov nomzodining prezidentlikka ilgari surilishi O‘zbekiston konstitutsiyasiga zid, demoqdalar, o‘z nomzodlarini ro‘yxatga olib, Internet olamida prezidentlik saylovini o‘tkazmoqchilar.

2015 yilning 29 mart kuni O‘zbekistonda Prezidentlik saylovlari o‘tkazilishi mo‘ljallangan.

O‘zbekiston Markaziy Saylov Komissiyasi tomonidan rasman to‘rt nomzod: Islom Karimov, Akmal Saidov, Hotamjon Ketmonov va Narimov Umarov nomlari ro‘yxatga olingan.

"O‘zbekistonda rasman ro‘yxatdan o‘tib, faoliyat olib borayotgan mazkur to‘rt siyosiy partiyalar aslida prezident I.Karimovning "cho‘ntak partiyalar"i ekanligi dunyo hamjamiyatiga hamda O‘zbekiston Fuqarolik jamiyati faollariga sir emas" - deyiladi Virtual Saylov komissiyasining murojaatida.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 90-moddasiga muvofiq, "O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga o‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida 10 yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi saylanishi mumkin".

2015 yilning 30 yanvarida 77 yoshga to‘ladigan Islom Karimov deyarli 26 yildan buyon O‘zbekistonda davlat rahbari lavozimini egallab keladi.

2015 yil 29 martida bo‘ladigan Prezidentlik saylovida I.Karimov o‘z nomzodini yana qaytadan qo‘yishiga, mustaqil mahalliy va xalqaro huquqshunoslarga ko‘ra, mutlaqo mumkin emas.

Zero, amaldagi qonunlar va Konstitutsiyani aylanib o‘tish uchun ham ayni damda Karimovda hech qanday asos va imkoniyatlar qolgan emas. Bugun (26.01.2015 y.)gacha amaldagi mamlakat Konstitutsiyasiga bu yo‘nalish bo‘yicha hech qanday o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmadi.

Yuqoridagilarga asosan, Islom Karimovning 2015 yil 29 martga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida o‘z nomzodini yana bir muddatga qo‘yishi, soha mutaxassislari tomonidan Noqonuniy - Jinoyat, deb baholandi.

Virtual Saylov Komissiyasi demokratik printsiplarga sodiq qolgan holda, Islom Abdug‘aniyevich Karimovni mamlakat Asosiy Qonuni - O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining bir qancha moddalarini fundamental ravishda surunkali buzishini keskin qoralab, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan nomzodi qo‘yilgan I.Karimovni Virtual Prezidentlik Saylovida nomzodlar ro‘yxatiga kiritmaslik to‘g‘risida qaror qabul qildi.

O‘zbekiston Markaziy Saylov Komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan siyosatchilar: Akmal Saidov, Hotamjon Ketmonov va Narimon Umarovlarning Virtual Prezidentlik Saylovida nomzodlari qo‘yilishini VSK maqsadga muvofiq deb hisoblaydi", deyiladi Virtual saylov komissiyasi murojaatida.

BBC Virtual Saylov komissiyasi matbuot kotibi, jurnalist Ulug‘bek Bakirov bilan bog‘lanib, bu komissiyani tashkil qilishdan ko‘zlagan maqsadlari haqida so‘radi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002