Ravshan Ermatov boshqargan o‘yinda Avstraliya g‘olib chiqdi

Image copyright Reuters

Bu yilgi ikkinchi finalchini aniqlab beruvchi uchrashuv mezbon Avstraliya va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.

Ikkinchi yarim final uchrashuvi Toshkent vaqti bilan tushki 14:00 da boshlanadi.

Hal qiluvchi o‘yin New South Wales shtatining "Nyukasl" stadionida bo‘lib o‘tadi.

Ravshan Ermatovga qanotlarda Abduhamidillo Rasulov (O‘zbekiston) va Bahodir Qo‘chqorov (Qirg‘iziston) yordam berishadi.

Bu – o‘zbekistonlik nomdor hakam 2015 yilgi Osiyo Kubogida ishlayotgan to‘rtinchi uchrashuv bo‘ladi.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, Ravshan Ermatovga bu yilgi turnirning ochilish uchrashuvi ham ishonib topshirilgan.

Ravshan Ermatov 2011 yil Qatarda bo‘lib o‘tgan Osiyo Kubogida ham ja‘mi to‘rtta uchrashuvni boshqargan.

O‘zbekistonlik nomdor hakam boshchiligidagi brigada o‘sha yili turnirning Avstraliya va Yaponiya o‘rtasida bo‘lib o‘tgan final uchrashuvida ham hakamlik qilgan.

Image copyright AFP

Bu yilgi Osiyo Kubogining dastlabki finalchisi kecha dushanba kuni bo‘lib o‘tgan yarim final bellashuvi ortidan aniqlangan: Janubiy Koreya Iroqni 2:0 hisobida mag‘lub etib, final bosqichiga chiqqan birinchi milliy terma jamoa bo‘lgandi.

O‘zbekistonlik FIFA referisi orada Qatar va Eron milliy terma jamoalari o‘rtasidagi guruh bosqich saralash bellashuvlarining 2-tur uchrashuvini boshqargan.

“D” guruhining ikkinchi chorak finalchisini aniqlab bergan Yaponiya-Iordaniya uchrashuvida ishlagan.

Shuni ham ta‘kidlash kerakki, Avstraliyada O‘zbekistonni bir emas, ikkita hakamlar brigadasi namoyon etmoqda.

Ikkinchi brigadaga o‘zbekistonlik boshqa bir hakam Valentin Kovalenko boshchilik qilmoqda.

Agar, Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tomonidan e‘lon qilingan rasmiy ro‘yxatga qaralsa, qit‘aning biror bir davlati bu kabi sharafga noyil bo‘lmagan.

Ya‘ni, O‘zbekiston konfederatsiyaning Avstraliyadagi Osiyo Kubogida qo‘shaloq hakami ishlayotgan yagona a‘zosi bo‘ladi.

Image copyright Reuters

O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham bu yil o‘z tarixida ketma-ket oltinchi bor Osiyo chempionligi uchun kurash olib borgan, ammo qo‘shimcha vaqt hisobiga Janubiy Koreyaga yengilib, turnirning chorak finalidan ortga qaytishga majbur bo‘lgan.

Avstraliyadagi turnirning yarim finaliga qadar faqat mezbon Avstraliya, Janubiy Koreya, Iroq va Birlashgan Arab Amirliklari yetib kelishga muvaffaq bo‘lishgan.

To‘rt karra Osiyo chempioni Yaponiya va qit‘aning ikkita eng kuchli milliy terma jamoasidan biri bo‘lgan Eron ham bu yil chorak finaldan ortga qaytishga majbur bo‘lishgan.

Yaponiya, ustiga ustak, amaldagi kubok sohibi ham sanaladi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi esa, Qatarda bo‘lib o‘tgan so‘nggi Osiyo Kubogida o‘z tarixidagi eng yuksak natijasini qayd etib, turnirning yarim finaliga chiqishga muvaffaq bo‘lgandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002