BBCga aytaman: "MY5 telekanali sabab o‘nlab TV xodimlari ishsiz qoldilar"

BBCga yo‘llangan xatga binoan, O‘zbekistonda yangi ochilgan MY5 telekanali sabab mahalliy televideniyening o‘nlab ishchi-xodimlari ishsiz qolganlar.

Bu xodimlar Andijondagi "Vodiy sadosi" Yoshlar Teleradiokompaniyasining ijodiy jamoasi bo‘lgani xabar qilinadi.

"Teleradiokompaniya xodimlarining ma‘lumot berishicha, auditoriyasini kengaytirish maqsadida MY5 telekanali o‘z efirlarini "Vodiy sadosi" orqali Farg‘ona vodiysiga translyatsiya qilishni rejalashtirgan.

Shu bois MY5 telekanali rahbariyati "Vodiy sadosi" YoTRK raisi bilan shartnoma imzolagan.

Mazkur shartnomaga ko‘ra, endilikda "Mening yurtim" (qisqartmasi - "MY5") telekanali Farg‘ona vodiysi bo‘yicha xam efirga chiqa boshlagan. Ya‘ni "Vodiy sadosi" teleradiokompaniyasi ko‘rsatuvlari o‘rnini yangi telekanal translyatsiyasi egallagan.

Biroq bu shartnoma necha yillardan buyon teleradiokompaniyada sodiqlik bilan ishlab kelayotgan jurnalist, tasvirchi, montajchilarning ishsiz qolishlariga sabab bo‘ldi.

"Bizni hech qanday ogohlantirishlarsiz, qishning kunida boshqa ish topishimizni aytib ishdan bo‘shatishdi",-deydi o‘z ismi sharifini oshkor etishni istamagan jurnalistlardan biri. - Biz yillar davomida teleradiokompaniya bilan birga bo‘ldik. Ayrim sabablarga ko‘ra yopilib, efir to‘xtatilganda ham, oylik maosh berolmay qolgan kunlari xam ishxonamizni qo‘llab-quvvatlab kelganmiz. Endi esa bizni keraksiz buyumday ko‘chaga uloqtirishdi".

"Bizni o‘sha telekanalga hech bo‘lmaganda Andijondagi xodim qilib ishga joylashtirsa bo‘lardi", - deydi tasvirchi yigitlardan biri.

Ayni kunlarda ishdan bo‘shagan ishchi xodimlarning bir qismi boshka telekanal, ommaviy-axborot vositalariga ishga o‘tgan, ayrimlari Rossiyaga ishga ketish haqida o‘ylab yurishibdi.

"Vodiy sadosi" teleradiakanali ma‘muriyati esa ishsiz qolgan xodimlarining moliyaviy va ma‘naviy holati haqida qayg‘urayotgani yo‘q.

Ma‘lumot uchun: "Vodiy sadosi" O‘zbekistonda ochilgan ilk, qaldirg‘och nodavlat televideniyelardan biri hisoblanib, 1991 yilda faoliyat boshlagan. Keyinroq "Vodiy sadosi" radiosi va "Tasvir" gazetasini tashkil etib teleradiokompaniyaga aylangan.

MY5 telekanali esa o‘zining test rejimidagi ilk efirini 2014 yilning 12 noyabrdan boshlab taqdim etgan, dekabr oyidan esa to‘liq efirga chiqishni boshlagandi.

Yangi nodavlat telekanal muassislari Yoshlar madaniyat va san‘at markazi, "Kamolot" Yoshlar Ijtimoiy Harakati, O‘zEOAVMA (NAESMI)hamda "O‘zbeknavo" estrada birlashmasi hisoblanadi". deb yozadi ma‘lum sabablarga ko‘ra ismini bermaslikni so‘ragan o‘zbekistonlik jurnalist BBCga.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002

Your contact details
Disclaimer