Afg‘oniston G‘aznisida politsiyachilar halok bo‘lgan

Image copyright BBCPashto.com

Afg‘oniston rasmiylari xabar qilishicha, G‘azni viloyatining Andar tumanidagi tekshirish nuqtasiga hujumda kamida 11 politsiyachi o‘ldirilgan, olti nafari jarohatlangan.

Ommaviy axborot vositalarining G‘azni viloyati hokimi o‘rinbosari Muhammad Ali Ahmadiyga tayanib xabar tarqatishlaricha, hujum 28 yanvardan 29 yanvarga o‘tar kechasi uyushtirilgan.

Hokim o‘rinbosari so‘zlariga ko‘ra, yetti Tolibon jangarisi o‘ldirilgan.

Afg‘oniston shimolidagi Lag‘mon viloyati rasmiylariga ko‘ra, Tolibon Mihtarlom tumanidagi yo‘lda o‘rnatgan bomba portlashi oqibatida to‘rt inson halok bo‘lgan.

Ushbu hujumlar NATO yetakchiligidagi qo‘shinlar o‘tgan yili dekabrida Afg‘onistonni tark etgani ortidan kuzatilmoqda.

13 yillik jangovor amaliyotlardan keyin xalqaro qo‘shinlar 2014 yil oxirida Afg‘onistondan chiqib ketishga qaror qildi.

Dekabr oyi oxirida poytaxt Kobulda NATO o‘z vakolatxonasi yopilishi marosimini o‘tkazdi.

2015 yil 1 yanvaridan Afg‘onistonga xalqaro xavfsizlik ko‘magi kuchlari ISAFning nomi NATOning harbiy-o‘quv va dastaklov missiyasi deb o‘zgartirildi.

Ayni paytda Afg‘oniston parlamenti Prezident Ashraf G‘ani hukumat tarkibiga taklif etgan mubohasali nomzodlarni tasdiqlash yoki rad etish masalasini muhokama qilmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002