"Bilayn" reklamalari taqiqlandi

O‘zbekiston matbuotining rasmiylarga iqtibosan xabar berishicha "Bilayn" mobil telefon shirkatining butun respublika bo‘ylab reklamalarining efirga uzatilishi to‘xtatilgan.

Xabarlarga ko‘ra, Xususiylashtirish, demonopolizatsiya va raqobatni rivojlantirish Davlat Qo‘mitasi "Bilayn" reklamalarda o‘zini "eng zo‘r shirkat" deya asossiz taqdim etganligini sabab qilib keltirgan.

"Bilayn" shirkati reklamalarining efirdan olib tashlanishi haqida Podrobno.uz. va Kun.uz websahifalari xabar berishmoqda.

Ularga ko‘ra, bu taqiqni izohlab Xususiylashtirish, demonopolizatsiya va raqobatni rviojlantirish Davlat Qo‘mitasi bayonot bergan.

Internet nashrlarining xabar berishicha, mazkur bayonotda O‘zbekistonda "Bilayn" nomi ostida faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘linma reklama haqidagi qonunning 13 moddasini buzgan.

Ya‘ni Qo‘mitaga ko‘ra, "Bilayn" o‘zining "Innovatsiya" deya nomlangan reklama aktsiyasida "Bilayn eng zo‘r kompaniya" deya da‘vo qilgan , ammo bu da‘voning isbotini keltirmagan.

Podrobno.uz websahifasi ushbu xabarlarni sharhlab berishni "Beeline" matbuot xizmatidan so‘ragan.

Shirkat matbuot kotibi Rezida Erdman o‘tgan yili monopoliyaga qarshi qo‘mita rasmiylari bilan reklama jihatlari borasida muloqotda bo‘lganlari, lekin o‘shanda hech qanday choralar ko‘rilmaganligini ma‘lum qilgan.

"Bilayn" brendi O‘zbekistondagi eng yirik mobil operatorlaridan biridir.

2013 yil oktyabrida O‘zbekiston soliq idoralari uyali telefon operatorining Toshkentdagi bosh ofisida tekshiruv o‘tkazgan, lekin kompleks tekshiruvlar davomida jiddiy qonunbuzarlik topa olmagani ma‘lum qilingandi.

2013 yilning may oyida O‘zbekiston xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi "Bilayn" O‘zbekiston telerobita bozorining 54 foizini, "Coscom"esa bu bozorning 41 foizini nazorat qilishini aniqlagan edi.

Rossiyaning "Vimpelkom" mobil shirkati 2006 yilda O‘zbekistondagi mahalliy mobil operatori "Yunitel"ning 100% aktsiyalarini sotib olib, o‘zbek mobil bozoriga kirgandi.

"Vimpelkom"ning 2013 yil mart oyida chiqqan yillik hisobotida O‘zbekiston Prezidentining qizi Gulnora Karimovaga yaqin shasxlar tomonidan yuritiluvchi va Gibraltarda qayd qilingan "Takilant" shirkati 2007 va 2009 yillar orasida "Vimpelkom" o‘zbek bo‘limining kichik hissadori bo‘lgani aytilgan.

BBC ham o‘z navbatida reklama taqiqi borasida izoh berishni so‘arb, "Bilayn" shirkatiga maktub yo‘lladi. Lekin bu murojaat hozircha javobsiz qolmoqda.

Ayni vaqtda "Bilayn" brendiga egalik qiluvchi "Vimpelkom" va Norvegiya hukumatiga qisman tegishli "Telenor" shirkati bilan bog‘liq yana bir mojaro yuzaga kelayotgan ko‘rinadi.

Norvegiya Savdo, sanoat va baliqchilik vazirligi yaqinda noma‘lum shaxsdan qator maktublar kelib tushgan.

Mazkur anonim xatlarda O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi "Bilayn" mobil operatorining egasi bo‘lmish "Vimpelkom" shirkati olti yil davomida Gulnora Karimovaga aloqador bo‘lgan shirkatlarga katta miqdorda pora berib kelgani iddao etiladi.

O‘z navbatida "Vimpelkom" "Takilant"ga to‘lovlar o‘tkazganligini tan olgan.

"Vimpelkom" o‘zining O‘zbekistondagi faoliyati borasida allaqachon Amerika, Shveytsariya va Gollandiya hukumatlari tomonidan tergov qilinmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002

Your contact details
Disclaimer