Xitoy universitetlari "G‘arb qadriyatlari"ni o‘rgatmasligi lozim

Image copyright Reuters

G‘arb qadriyatlarini targ‘ibot qiladigan darsliklar Xitoy maktab va oliy o‘quv yurtlaridan chiqarib tashlanadi.

Xitoy Sinxua axborot agentligiga ko‘ra, mamlakat maorif vaziri Yuan Guyjun o‘quv dargohlarida mafkuraviy targ‘ibotni yaxshilash haqida Xitoy universiteti professorlariga bildirgan.

Janob Guyjun darsliklar ustidan nazoratni kuchaytirish va Xitoy Kommunistik partiyasi hamda sotsializmni tanqid qilgan deb ko‘rilgan har qanday dastur ta‘lim tizimida bo‘lmasligini uqtirgan.

Maorif vazirining so‘zlariga qaraganda, o‘qituvchilarga o‘zlarining salbiy munosabatlari va noroziliklarini dars davomida bildirishlari ta‘qiqlanadi. Universitetlar esa, mamlakatdagi siyosiy barqarorlikni quvvatlashlari va talabalarga lozim yo‘nalishni berishlari kerak.

Sinxuaning xabar berishicha, maorif vazirining fikri Pekin,Sinxua, Uxan, Shandun va Syamen universitetlari professorlari tomonidan quvvatlangan.

Maorif vazirining murojaati hukumatning G‘arbning ta‘siriga kurashni kuchaytirgan manzarada kuzatilmoqda.

O‘tgan yilning dekabr oyida Xitoyning Sian shahridagi universitet o‘zining talabalariga Rojdestvoni bayram qilishni ta‘qiqlagan edi. G‘arb bayramlarini nishonlashni universitet ma‘muriyati "xorijliklarga qullik" deb atagan.

Xitoy maorifi ustidan nazorat Xitoy Kompartiyasi rahbari Si Jin Pinning maorif tizimida islohotlar o‘tkazish muhimligi haqida aytganidan so‘ng kuchaytirilgan.

Universitetlarga marksizm ta‘limotini o‘qitishni takomillashtirish va oliy maktablarda partiya rahbariyatini mustahkamlash topshirilgan.

Ayni paytda Xitoyning ko‘pgina rahbarlarining farzandlari xorij o‘quv yurtlarida ta‘lim olishadi. Xususan, Si Jin Pinning qizi AQShning Garvard universiteti talabasidir.

Oxirgi paytlarda rasmiy Pekin siyosatini tanqid qilishga jur‘at qilgan bir necha ziyoli hibsga olingan.

Jumladan, Markaziy universitet professori uyg‘ur millatiga mansub Ilhom To‘xta Xitoy hibsga olingan va bo‘lginchilikda ayblanib umrbod qamalgan. Ilhom To‘xta o‘z chiqishlarida milliy ozchiliklarga nisbatan Xitoy hukumati siyosatini tanqid qilib kelar edi. Ilhom To‘xta tashkil qilgan web sahifada ishlagan talabalar ham ayirmachilik, qurolli guruh tuzish ayblovlari bilan qamoqqa tashlangan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002