"O‘zbekiston xalqi aynan qancha sabrga ega bo‘lishi kerak?"

2014 yil oxirida Afg‘onistondagi jangovor amaliyotlari nihoyasiga yetib, qo‘shinlari va harbiy texnikasini olib chiqishga qaror qilgan AQSh O‘zbekistonga 300 dan ortiq zirhli harbiy texnika berishini e‘lon qildi.

O‘zbekistondagi ayanchli inson haqlarining ahvoli borasida so‘z ketganda, Obama ma‘muriyati Toshkent bilan munosabatlarda "strategik sabr-toqat" kerakligini aytadi.

"Ammo O‘zbekiston misolida strategik sabr-toqat ish bermaydi, chunki Toshkent boshqacha qoidalar bilan o‘ynaydi", deb yozadi Eurasia.net web-sahifasidagi maqolada Human Rights Watch.

AQSh Davlat Kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha muovini Nisha Bisval yaqinda bergan intervyusida Oq Uyning O‘zbekiston borasidagi mavqe‘iga izoh bergan.

Unga ko‘ra, AQShning siyosati "bosim, hamkorlik va o‘zgarishlarning qanday amalga oshishi borasida strategik sabrlilik"ni taqozo etadi.

Eurasia.net saytida chop etilgan maqola mualliflari Stiv Sverdlou va Endryu Shtrolaynlarga ko‘ra, Bisval xonim Vashingtonnning O‘zbek hukumatiga yaqinda bergan yuzlab harbiy mashinalarini eslatmagan.

Strategik sabr -toqatmi? deya savol qo‘yishadi Human Rights Watchning O‘zbekiston bo‘yicha tadqiqotchilari.

O‘zbekiston xalqi aynan qancha sabrga ega bo‘lishi kerak?

Yillar davomida hech qanday aybsiz qamoqda chiritilayotgan minglab o‘zbeklar hatto Qizil Xoch tashkilotining qamoqxonalarga kirishiga izn bermayotgan hukumatga yana qancha toqat qilishlari kerak?

Har yili hukumat uchun mo‘may daromad manbai bo‘lgan paxtani terishga majburlanayotgan ikki milliondan ziyod kattalar va maktab bolalari qanchalik sabr qilishlari kerak?

2005 yildagi Andijon qirg‘inidan omon qolganlar adolat qaror topishini yana qancha kutsinlar?

Odamlar erkin matbuotni qancha kutishlari kerak?

Va o‘zbeklar demokratiyaning mo‘‘jaz, yashil kurtaklari unishi uchun yana qancha kutishlari kerak bo‘ladi?, deya so‘rashadi maqola mualliflari va aftidan, yana kamida besh yil, deya javob beradilar Prezident Karimovning yana bir muddat prezidentlikka saylanayotganiga ishora bilan.

Mualliflarga ko‘ra, sabr-toqat O‘zbek hukumatini islohotlar o‘tkazish va inson haqlari ahvolini yaxshilashiga undashini ko‘rsatadigan bironta ham dalil mavjud emas.

Aksincha, Obama ma‘muriyati bilan Toshkent o‘rtasida diplomatik bordi-keldilar ko‘paygan pallada ham vaziyatdan battarlashgan.

Human Rights Watchga ko‘ra, Obama ma‘muriyati O‘zbekistonni amaliy o‘zgarishlarga undash uchun qo‘shimcha aniq vositalarga ega.

Jumladan, harbiy yordam uchun shartlar va xalqaro diniy erkinliklarga doir qonunga muvofiq aniq mo‘ljalli jazo choralari.

Shuningdek, Vashington O‘zbekistondagi qiynoqlar va boshqa inson haqlari buzilishi hollari uchun ma‘sul O‘zbekiston mulozimlariga viza cheklovini kiritishi va ularning bank hisoblarini muzlatish imkoniga ham ega.

Maqola mualliflarining fikricha, AQSh Kongressining O‘zbekistonga qiziqishi kuchaygan va agar Obama ma‘muriyati hozirgi siyosatini o‘zgartirmasa, Kongress O‘zbekiston masalasida tashabbusni qo‘lga olishi kerak.

Alal-oqibat, "strategik sabr-toqat" siyosati O‘zbekistondagi tuzumdan jabr chekayotganlarni ko‘rmaslikka olish bilan barobar, deydi Human Rights Watch.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002

Your contact details
Disclaimer