"Islomiy Davlat" Yapon jurnalisti boshini tanasidan judo qilgan"

Image copyright AFP
Image caption Sindzo Abe "Yaponiya terrorizm bilan kurashda orqaga qaytmasligi"ni bildirgan

"Islomiy Davlat" guruhi jangarilarining yaponiyalik jurnalist Kenji Gotoning boshini tanasidan judo qilgani tasvirlangan video Yaponiya va boshqa davlatlar rahbarlarini g‘azablantirgan.

Garovga olingan ikki Yaponiya fuqarosidan biri Xaruna Yukava bir haftacha oldin boshi tanasidan judo qilingani e‘lon etilgan edi.

Image copyright AFP

So‘nggi videoda 47 yoshli taniqli yaponiyalik jurnalist va hujjatli film ijodkori Kenji Goto norinj rangdagi kiyimda tiz cho‘kib turgan holda paydo bo‘lgan.

"Islomiy Davlat"ning bundan oldingi targ‘ibot videolariga o‘xshab ketadigan videoda Britaniya ingliz tilida gapiradigan jangari ko‘ringan.

U "Jihodiy Jon" deb tanilgan va asli Britaniyada tug‘ilib o‘sgan jangari deb bilinadi.

Jangari Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abega murojaat qilgan, janob Abeni "urushda g‘alabaga erisha olmaydigan taraf tomonini tanlab" noto‘g‘ri qaror qabul qilganlikda ayblagan.

"Islomiy Davlat" oxirgi videosining haqiqiyligi tasdiqlanmagan, ammo Yaponiya rasmiylari videoning haqiqiy ekaniga ishonishlarini aytishgan.

Image copyright AFP

Dastlab garovga olgan ikki Yaponiya fuqarosi evaziga "Islomiy Davlat" 200 million AQSh dollari talab qilgan.

Bu Yaponiya hukumatining Iroq va Suriyaning katta hududini nazoratiga olgan "Islomiy Davlat" guruhiga qarshi birlashgan xalqaro koalitsiya kuchlariga va‘da qilgan noharbiy yordamlar miqyosiga teng mablag‘ bo‘lgan.

Yapon jurnalisti Kenji Goto qatl qilinganini qoralagan Bosh vazir Shinzo Abe "Yaponiya terrorizmga yon bermasligini" va "Islomiy Davlat"ga qarshi dastakni yanada kuchaytirishini aytgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002