UzWebiston: O‘zbekistonda kirakashlardan 4 million dollardan ortiq jarima undirilgan

O‘zbekistonda o‘tgan yili litsenziyasiz kirakashlik qilgan mashina haydovchilaridan 10,2 milliard so‘m miqdorida jarima undirilgan. Bu mamlakat Markaziy banki kursi bilan hisoblaganda 4,1 million AQSh dollariga tengdir.

Bu borada O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida xabar berilgan, deya yoziladi kun.uzwebsaytida.

O‘tgan yil davomida yo‘l harakati xavfsizligi xizmati va davlat soliq organlari bilan hamkorlikda oz emas-ko‘p emas - 4400 taga yaqin reyd o‘tkazilgan. Ana shu to‘satdan tekshiruvlar davomida avtotransport vositalari egalari tomonidan litsenziyalashtirish sohasida yo‘l qo‘yilgan 67 mingtadan ortiq qonunbuzarlik holati aniqlangan.

Ayni vaqtda, O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi axborot xizmatining qayd etishicha, mamlakatda litsenziyalangan avtomobillar soni 95 mingtaga yaqindir.

Lekin mahalliy tahlilchilarning kuzatishlaricha litsenziya olmasdan yo‘lovchi tashib, pul topayotgan mashinalar egalari ruxsat olib ishlayotgan haydovchilarga qaraganda deyarli ikki baravar ko‘pdir.

"Mening eskigina "Matiz"im bor. Ishga borayotganimda yo ishdan qaytayotganimda, yo‘lda ulov kutib turgan yo‘lovchilarni olib ketaman. Hech bo‘lmasa, ovqatlanishga pul chiqib turadi-ku!", deydi toshkentlik Mirhamdam ismli kishi.

Uning aytishicha, ba‘zan hordiq kunlari ham kirakashlik qilish uchun chiqib turar ekan.

"Agar, menga berilayotgan ish haqi qora qozonni bemalol qaynatish uchun yetganda edi, men ham puldorlar kabi dam olish kunlari bemalol oyoq uzatib, maza qilib yotmasmidim", deydi Mirhamdam.

"Yonilg‘i narxi oshib borayotgan bo‘lsa, ustiga bozordagi meva-cheva, sabzavot, shakar narxi ham chaqib oladi. Biz o‘g‘irlik qilayotganimiz yo‘q-ku, halol xizmat qilib, yo‘lovchilar uzog‘ini yaqin qilyapmiz-ku!"

Bu gaplarni aytgan toshkentlik ellik yoshlardagi kishi yaqinda "qo‘lga tushib", yaxshigina jarima to‘laganidan yozg‘irib, litsenziya olish uchun borganini, lekin erta keling, inding keling, u yetishmaydi, bu yetishmaydi, manovi hujjatingiz to‘g‘ri emas, deya sarson qilishganidan nolidi.

Mirhamdamning aytishicha mashinasida yo‘lovchilarni olib ketayotganda, uni ham tekshiruvchilar to‘xtatishgan, lekin qo‘llariga, uning iborasiga ko‘ra "bir nima" tutqazib, qutulib ketgan ekan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002