Xorazmda dindorlarga nisbatan mahkamalar ko‘paymoqda

Xorazmdagi "Najot" inson haqlarini himoya qilish tashkiloti xabar berishicha, oxirgi oylarda viloyatning qator tumanlarida diniy ayblovlar bilan hibsga olishlar ko‘paygan.

Tashkilotga ko‘ra, 21 yanvarda Xorazm viloyat sudida Jinoyat kodeksining 159 moddasi- konstitutsion tuzumga tahdid qilishda ayblanayotgan o‘ndan ortiq fuqaro ustidan mahkama jarayoni boshlangan.

Yusupboy Karimov, Ravshanbek Jumaniyazov, Alimboy Otajonov, Alisher Abdirimov, Muzaffar Matchonov, Hakimbek Matyoqubov, Erkin Jumaniyozov, Axmed Davletov, Ilxom Bobojonov, Azamat Abdirimov, Nodirbek Abdullayevlar 2014 yil oktyabr oyida hibsga olingan va tergov harakatlari olib borilgan.

Xorazm viloyat Milliy Xavfsizlik Xizmati va Terrorizmga qarshi kurash bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan amaliyotlar natijasida Gurlan tumanida yashovchi bir guruh fuqarolar ham diniy ayblovlar bilan ushlangan.

"Najot" inson haqlari tashkiloti hisobotiga qaraganda, hozirda viloyatning boshqa tumanlarida ham ko‘plab ishchi migrant fuqarolarga nisbatan, "diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik oqimlarga qo‘shilgani" sabab qilib olingan holda, jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Xiva, Shovot, Gurlan, Bog‘ot tumanlarida jami 30 ga yaqin fuqaro ustidan surishtiruv va tergov ishlari olib borilayotgani "Najot" monitoringida aniqlanmoqda.

Jumladan, IIB jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari iddaosiga ko‘ra, viloyatning Shovot tumani Qiyot qishlog‘i Idali Qal‘a mahallasida yashovchi 29 yoshli Vohid Vaisov 2013-2014 yillarda Rossiyaning Voronej shahriga mardikorlik qilish, shu orqali pul ishlab, oila boqish uchun borgan. Ayblov tomoniga ko‘ra, bog‘otlik 28 yashar Rasul Jumaniyozov "Abdulvosit" ismli Tojikiston fuqarosidan islomiy jihod amallarini o‘rganib, "jihodchilar" diniy radikal oqimi g‘oyalarini himoya qilish uchun Suriyadagi jangari guruhlarga bolib qo‘shilishga tayyorlangan.

Biroq jangari g‘oyalar, O‘zbekistondagi tuzumni ag‘darish xayoliga ham kelmagan bu yigit yangi pasport olish O‘zbekistonga kelgan.

Avvaliga Xorazm viloyati huquqni muhofaza qilish organlari mardikorga jiddiy ayb qo‘yish uchun dalil-isbot topolmay, uni "bezorilik qilgani" uchun Urganch shahar sudiga olib borib, sud qarori asosida 15 sutkaga qamab qo‘yishgan.

Bu orada V. Vaisovga tegishli "O‘zbekiston Allohning azobida", "Shayx Abdullax Buxariy" va "Shayx Abdullax Buxariy "Siriya - pomoshch muxadjiram" Chast 2" nomli vidofayllar topilgani aytilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasining Xorazm viloyati bo‘limi mutaxassislari internetda keng tarqalgan bu videfayllarni ekspertizadan o‘tkazib, ularning Suriyadagi jangarilarga ta‘luqli ekanini ma‘lum qilganlar va fuqaro Vaisov ustidan jinoiy ish ochilgan. Hozirda Vaisovni uzoq yillik qamoq va uning atrofida yurgan, u bilan ko‘rishgan hamyurtlari, ishchi muhojirlarni so‘roq va ta‘qiblar kutmoqda.

"Najot"ga murojat qilgan hibsdagi dindorlarning yaqinlari so‘zlariga qaraganda, bu odamlar otasidan faqat namoz o‘qishni o‘rgangan, mahalladosh bo‘lgani tufayli akasi bilan ham birgalikda namoz o‘qigan xolos. Xorazmlik bir guruh fuqarolar yaqinlari uchun inson haqlari tashkilotlaridan huquqiy yordam so‘ramoqdalar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz: 44 7858 860002