O‘zbekiston chegarada xavfsizlik choralarini kuchaytirgan

Image copyright AFP

O‘zbekiston hukumati "Islomiy davlat" mamlakat chegaralaridan hatlamasligi uchun barcha imkoniyatlarni ko‘rmoqda, deb yozadi 12news.uz.

"Islomiy davlat a‘zolari 2015 yilning bahor oylarida O‘zbekiston hududida qator terroristik harakatlarni mo‘ljallaganlari haqida ma‘lumotlar bor. Shu boisdan Afg‘oniston bilan chegarada xavfsizlik choralarini kuchaytirmoqdamiz", degan Milliy Xavfsizlik Xizmati zobiti Alisher Hamdamov muxbirlarga.

"Bizdagi ishonchli ma‘lumotlar bo‘yicha aytishimiz mumkinki, IShID a‘zolarining O‘zbekistondagi faoliyati faqat jangchilarni yollash bilan chegaralanib qolmayapti, "Islomiy davlat" Farg‘ona vodiysidagi vaziyatni beqarorlashtirish uchun 70 million dollar ajratgani, O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan chegarasida jangarilar to‘planayotgani haqida ma‘lumotlar bor", - deydi u.

Xavfsizlik choralari kuchaytirilishiga yana bir sabab, Afg‘onistonda giyohvand moddalarning katta hosili va O‘zbekistonda mart oyiga muljallangan prezidentlik saylovlari ekani ta‘kidlanadi.

Shuningdek, Yaqin Sharqda "Islomiy davlat"ing kuchayib borayotgani ham shunday choralarga undagan.

Ayni paytda 12news.uz islomiylar tomonidan go‘yoki Suriyaga borishga da‘vat qilingan o‘zbek fuqarosi so‘zlarini keltiradi. Samarqand viloyatida istiqomat qiluvchi Abduvahob Suyunovning so‘zlariga ko‘ra, u ma‘lum vaqt Qozog‘istonda ishlab, O‘zbekistonga qaytgan, lekin tezda ish topa olmagan.

"Oradan bir oy o‘tib, bir tanishim oyiga 5 ming dollar evaziga Suriyaga borishga da‘vat qildi. Men, albatta bu taklifni rad etdim, biroq ish topolmayotgan boshqa odamlar jang qilishga rozi bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin", - deydi samarqandlik kishi.

Markaziy Osiyo mamlakatlaridan yuzlab fuqarolarning Islomiy davlat saflarida jang qilayotganlari haqida bot-bot aytiladi.

Biroq O‘zbekistondan aynan qancha kishi Suriya va Iroqda jangarilar qatorida ekani ma‘lum emas. "Nusra Fronti" jangari guruhida faoliyat olib borayotgan o‘zbekistonliklar harbiy mashqlari aks etgan video internetda namoyish qilingan.

Shuningdek, qozog‘istonlik 300 nafar kishi Islomiy davlat jangchilariga borib qo‘shilgani haqida video lavhalar chiqqan.

Bundan oldin Qirg‘iziston rasmiylari 200 dan ortiq fuqarolari, jumladan ayollar ham Suriyaga jihodga ketganlari aniqlanganini bildirgandi.

Suriya bilan Irokning jiddiy kismini bosib olgan va "Islomiy davlat" deb atalmish guruhning ta‘siri ostida diniy vaziyat keskinlashib ketganligi Qirg‘izistonda jiddiy xavotirni paydo qilgan. Shu boisdan mamlakat idoralari aholining diniy masalada ma‘lumotini orttirishni ko‘zlab, maorif va diniy faollar uchun maxsus seminarlar uyushtirayotgani aytiladi.

Qirg‘iziston janubiy poytaxti O‘sh shahri universiteti teologiya fakultetini masjidlar imom-xatiblarining birinchi guruhi bitirgan. Ilk bitiruvchilar tadbiri bilan birga Din ishlari bo‘yicha davlat komissiyasi "Qirg‘izistonda diniy doiradagi davlat siyosati va asosiy diniy oqimlar" sarlavhali o‘quv qo‘llanmasini taqdim etgan.

Tahlilchilar fikricha, Rossiyadagi G‘arb sanktsiyalari bilan bog‘liq iqtisodiy vaziyat u yerda yurgan markaziy osiyolik ko‘pchilik mehnat muhojirlarini Suriyaga jangga ketishga majbur qilishi mumkin.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz: 44 7858 860002