BBCga aytaman: "O‘zbekgeofizika" xodimlari 5 oydan buyon maosh olishmaydi

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Maoshlarning o‘z vaqtida berilmasligi va xodimlarga yetarlicha haq to‘lanmasligi mutaxassislarning chetga ketib qolishiga sabab bo‘lmoqda", deb yozgan Farg‘onadagi "O‘zbekgeofizika" mutaxassisi Shukurjon Islomov.

BBC o‘zbek geofiziklari blogining asoschisi bo‘lgan Shukurjon Islomovning o‘zi bilan suhbatlashgan.

Quyida uning BBCga yo‘llagan maktubi bilan tanishishingiz mumkin.

"Respublika hududi bo‘yicha neft va gaz qidiruv ishlarini olib boradigan "O‘zbekgeofizika" neft-gazga istiqbolli tuzilmalarni chuqur burg‘ilashga tayyorlaydi.

"O‘zbekgeofizika" AJ da ish yuritish tili ruscha.

Loyihalar, hisobotlar, ish rejalari, protokollar va boshqa turdagi hujjatlar rus tilida yoziladi.

Maoshlar muntazam 2-3 oy kechikib beriladi. Ayrim holatlarda 4 oy kechikishi mumkin. Maoshlar kechikishi sababi izohlanmaydi.

2007 yilda Gubkin nomidagi neft-gaz institutining filiali Toshkent shahrida ochilgan.

Ochilish marosimiga shaxsan Prezidentning o‘zi tashrif buyurib, "neft-gaz sohasida malakali kadrlarga ehtiyoj borligi, bitiruvchilar yetuk mutaxassis bo‘lib yurt iqtisodiga hissa qo‘shishi" haqida so‘zlagandi.

"O‘zbekgeofizika" AJ da Gubkin institutining bitiruvchilari ham ishlashadi.

Xizmat vazifalarini bajarish o‘rniga ularni mahalliy rahbarlar tomonidan fuqarodan gazga pul undirish ishlariga jalb qilingan hollar mavjud.

Ayrim Gubkin bitiruvchilari dala ishlarida oddiy brigadirning vazifasini (oliy ma‘lumot mutlaqo shart bo‘lmagan lavozim) bajarib yurishibdi.

Aynan maosh o‘z vaqtida berilmasligi va xodimlarga yetarlicha haq to‘lanmasligi mutaxassislarning chetga ketib qolishiga sabab bo‘lmoqda.

Oxirgi yillar ichida o‘nlab kadrlar va yetuk mutaxassislar ishdan bo‘shab chetga ketishdi.

Injener mutaxassis kadrlar, asosan, Rossiya va Qozog‘istonga ish izlab ketishadi.

Chunki ayni shu davlatlarda O‘zbekistondagidan ko‘ra o‘rtacha 3-5 barobar ko‘proq maosh olishadi.

Kadrlar bo‘shab ketishi masalasi rahbariyatni tashvishga solayotgani yo‘q. Buning oldini olish uchun biror chora-tadbir ko‘rilayotgani yo‘q.

Ayni kunlarda "O‘zbekgeofizika" AJ ning ko‘plab ishchi-xodimlari oktyabr oyining maoshini olishmadi.

Jami 4 oyning maoshini olmasdan ishlayotgan kadrlar oilasida chuqur yetishmovchilik hukm surmoqda.

Shukurjon Islomov

Yetakchi geofizik"

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz: 44 7858 860002