Qozoq ulamosi Karimovni iste‘fo berishga chaqirdi

Image caption Avvalroq muxolifat nashrlarida 77 yoshli Karimovning sog‘ligi yana yomonlashganiga oid xabarlar paydo bo‘lgan

Qozog‘istondagi "Musulmonlar Ittifoqi" tashkiloti O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovga murojaat bilan chiqqan.

Unda tashkilot Karimovning sog‘lig‘i borasida "chuqur xavotirda" ekanligini bildirib, zudlik bilan "hukumatni topshirish" masalasida choralar ko‘rishga chaqirgan.

"Markaziy Osiyo musulmonlari nomidan hukumatni boshqa qo‘llarga topshirishingizni so‘raymiz. Xudbin bo‘lmang! Mamlakatda davlatni boshqarishga qodir aqlli va tartibli o‘zbekning bo‘lmasligi mumkin emas", deb yoziladi murojaatda.

Avvalroq xorijdagi o‘zbek muxolifat nashrlarida 77 yoshli Prezident Islom Karimovning sog‘ligi yana yomonlashganiga oid xabarlar paydo bo‘lgan edi.

BBC Qozog‘iston Musulmonlar Ittifoqi" rahbari Murat Telibekovdan murojaat sabablarini so‘ragan.

Murat Telibekov: Birinchidan, O‘zbekiston Qozog‘istonning yon qo‘shnisi. Shubhasiz, ushbu davlatda bo‘ladigan har qanday siyosiy hodisalar Qozog‘istonga ham ta‘sir etmasdan qolmaydi. Bugungi kunda terrorizm muammolarining chigallashuvi yoki xalqaro ekstremistik tashkilotlarning faollashuvi ortidan Karimovning o‘limi mintaqada vaziyatni izdan chiqarib yuborishi mumkin. Shu sababdan, ya‘ni siyosiy barqarorlikni saqlash maqsadida O‘zbekiston rahbari Islom Karimovga bu maktub yuborildi.

BBC: Sizda Islom Karimovning sog‘ligi borasida ishonchli ma‘lumot bormi? Agar yo‘q bo‘lsa, nima uchun ushbu maktubni mish-mishlar asosida yozdingiz?

Image caption Telibekov janoblari Prezident Karimovning javobiga umid qilmayotganini aytgan

Murat Telibekov: Davlat rahbarlarining sog‘ligi borasidagi har qanday ma‘lumot qattiq sir saqlanadi. Hattoki eng so‘nggi daqiqalargacha dunyo nima bo‘layotganini bilmasligi mumkin. Bunga ko‘plab misollar keltirish mumkin. Ugo Chavesning o‘limini olaylik. So‘nggi daqiqalargacha uning o‘limini jamoatchilikdan yashirishdi. Shuning uchun ham bizda paydo bo‘layotgan xabarlarga tayanishdan boshqa yo‘l qolmayapti. Ushbu xabarlarni haqiqatdan yiroq, deb ayta olmaymiz. Karimovning yoshi 50 yoki 60 emasligini nazarda tutish kerak. Shu sababdan, tabiiy sabablar va odamning ma‘lum biologik muddatini hisobga olgan holda, matbuotda chiqqan xabarga ishonmaslikka asos yo‘q.

BBC: Ushbu murojaatdan ko‘zlagan asl maqsadingiz nima? Tashqaridan qarasangiz, Qozog‘iston Prezidenti ham mamlakatni uzoq vaqtdan beri boshqarib kelyapti va uni ham yosh deb bo‘lmaydi. Nima uchun aynan O‘zbekiston Prezdentiga murojaat qilyapsiz?

Murat Telibekov: Ushbu holatda, aynan O‘zbekistondan mamlakat Prezidenti og‘ir holatda yotibdi, degan xabar chiqyapti. Agar Prezident Nazarboyev, Aliyev yoki Turkmaniston hamda Tojikiston Prezidentlaridan biri mana shunday og‘ir holatda, degan xabar chiqqanida biz o‘z munosabatimizni bildirar edik. Afsuski, bu rahbarlar ko‘p muddatlik boshqaruvga moyillik odatidan jabr chekmoqda. Ularning so‘nggi hayot kunlari qandaydir xavotir va tartibsizliklarga olib kelishi mumkin. Mamlakatning boshqaruvchisiz qolib ketishi vaziyatni izdan chiqarib yuborish ehtimoli bor.

BBC: Murojaatingizga Islom Karimovdan biror javob olishga qanchalik umid qilyapsiz?

Murat Telibekov: Dindor odam sifatida mening vazifam bu haqda yozish va murojaat qilish. Allohning istagi ham bor. Javob bo‘lishiga esa katta e‘tibor qaratayotganim yo‘q. Muhimi, ushbu xabar odamiga yetib borishi. U odam o‘ziga qandaydir xulosalar qilishini esa ommaga bildirishi shart emas. Qandaydir javob bo‘lishiga umid ham qilmayapmiz.

BBC: Ayrimlar siz shu yo‘sinda o‘z tashkilotingizni nomini chiqarishni maqsad qilganingizni aytishadi. Bunga nima deysiz?

Murat Telibekov: Bu nuqtai nazardan qaraydigan bo‘lsak, AQSh prezidenti Barak Obamaning yoki BMTning har qanday tashabbusi o‘ziga xos piardir. Agar bunday ayblovlardan holi yashayman, desangiz o‘z fikringizni ham aytmasdan tarki dunyo qilishingizga to‘g‘ri keladi.

BBC: Siz boshqarayotgan tashkilot diniy va inson huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotdir. Qaysidir davlat rahbarining hukumatni topshirishini talab qilish esa siyosiy bir ish. Tashkilotingiz o‘z vazifalari qolib, siyosat bilan shug‘ullanmayaptimi?

Murat Telibekov: Bu bir faylasufona savolga o‘xshaydi. Dinning ma‘nosi so‘ralganda, kimlardir bir hujraga qamalib olib, kunu tun ibodat qilib, qabrga tayyorlanish, deb javob berishadi. Boshqa guruh odamlar esa, din Alloh tomonidan insoniyatni komillikka yetishishi uchun jamiyatga yuborilgan, deb biladilar. Payg‘ambarlar aynan shu ish bilan shug‘ullanishgan. Shu nuqtai nazardan olib qarasak, bizning bugungi kunda qilayotgan ishlarimizda qarama-qarshilik yo‘q.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz: 44 7858 860002