Qozog‘iston lotin alifbosiga o‘tishga qaror qildi

Image caption Kirilchadan lotinchaga o‘tishga hali uzoq vaqt kerak

Shu kunlarda Qozog‘istonda lotin alifbosiga o‘tish to‘g‘risidagi dastur qabul qilindi.

O‘zbekistonda esa mana sal kam ikki avlod maktablarni lotin harflarida tugatdi. Lotin harfiga to‘liq o‘tish davri ancha oldin tugaganiga qaramay, gazetalarimiz hali-hanuz kiril harfida chop etilmoqda. Qolaversa barcha xujjatlar ham asosan kiril harfida to‘ldiriladi.

Hozirga kelib, kiril va lotin harfida o‘qiganlar orasida anchayin uzilish vujudga keldi.

Sababi kiril harfida o‘qiganlar uchun lotin harfida yozilgan so‘zlarni o‘qish anchayin qiyin, ba‘zida ko‘zlarni jimirlashtirib yuboradi. Asosan, ikkitalab "ch" va "sh" harfi kelgan so‘zlarni o‘qisang kishi. Endilikda ular 4ta harf bilan yozilishi kerak. Haligi tutuq belgisi bilan kelgan harflarni asti qo‘yaverasiz… Yumshoq "h" va qattiq "x" ham bir qator muammolar tug‘dirmoqda.

Masalan, "ts" harfining mavjud emasligi xam, ko‘pgina kulgili holatlarni keltirib chiqarmokda: "kolbasa sexi" yozuvi…

Shuni soddalashtirish maqsadida, shu tutuq belgilarini olib tashlash maqsadga muvofiq bo‘larmidi, degan hayolga kelsam tarixiy bir cho‘pchak esga tushadi:

Kiril harfidagi o‘zbek tilidan "q" harfini olib tashlab o‘rniga "k" harfidan foydalanish xaqida Moskvada anjuman bo‘libdi. Unda bir qator o‘zbek ziyolilari ham qatnashibdi. Shunda majlisni boshqarayotgan rais (albatta o‘sha davrlarda bo‘lganidek rus inson) deyarli xulosaga kelib "q"ni yo‘qqa chiqaray degan ekan. Kech bo‘lib ketgani uchun, masalani ko‘rib chiqishni ertaga qoldirishibdi. Ertasi kuni, majlisda mashhur bir adib ko‘rinmabdilar. Bir fursat o‘tib, kechikib kelibdilar. Shu bilan "q" harfi saqlanib qolgan ekan.

Bu cho‘pchakni aytishdan maqsad, shu lotin alifbosini tuzayotganda, shunaqa zukko adiblarimiz ishtirok etmay, tezda "yumoloq yostiq" qilinganmi deyman-da?!

Qozog‘istonda lotin harifiga o‘tish jarayoni shoshilmay amalga oshiriladi deb umid qilib qolamiz.

Toshkentlik jurnalist.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz: 44 7858 860002