NATO Sharqiy Ovro‘podagi hozirligini kuchaytirmoqda

Image copyright EPA
Image caption Ukraina sharqidagi janglar shiddatli tus olgan

So‘nggi haftalarda Ukrainadagi janglarning shiddatli tus olishi ortidan NATO Sharqiy Ovro‘podagi hozirligini kuchaytirishga tayyorlanmoqda.

Bugun Bryusselda o‘tadigan majlisda Ittifoq mintaqadagi a‘zo davlatlarga kafolatlar berishi kutilmoqda.

Rejaga muvofiq, 5 ming kishilik qo‘shinlar ikki kun ichida mintaqaga yuboriladi va Polsha, Ruminiya, Estoniya, Latviya, Litva hamda Bulg‘oristonda kichik qo‘mondonlik markazlari tashkil etildai.

NATO Bosh Kotibi Yyens Stoltenberg "Bu sovuq urush tugaganidan buyon NATOning eng yirik harbiy amaliyoti bo‘ladi", deb aytgan.

Ukraina sharqida rossiyaparast bo‘lginchilar bilan armiya o‘rtasidagi to‘qnashuvlar so‘nggi haftalarda yanada shiddatliroq tus olgan.

Birlashgan Millatlar yangidan avj olgan to‘qnashuvlarning "xatarli daraja"ga yetganini aytgan.

Harbiy yordam

Ayni paytda AQSh Davlat Kotibi Jon Kerri Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berish masalasini muhokama qilish uchun Kiyevga tashrif buyurgan.

Image copyright Reuters
Image caption Kerri Poroshenko bilan AQShning harbiy yordamini muhokama qiladi

U Prezident Poroshenko va Bosh vazir Yatsenyuk bilan ko‘rishadi.

Harbiy yordam muzokaralar kun tartibidagi asosiy masala bo‘lishi kutiladi.

Prezident Barak Obamaning Mudofaa vazirligiga yangi nomzodi Eshton Karter chorshanba kuni AQSh Kongressidagi yig‘inda Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berilishiga ijobiy qarashini aytgan edi.

Prezident Poroshenko ham rossiyaparast bo‘lginchilarga qarshi turish uchun AQShdan qurol-yarog‘ yordami kelishiga zarracha shubha qilmasligini aytgan.

Ukraina sharqidagi to‘qnashuvlar o‘tgan yil aprelida Rossiya Qrimni annektsiya qilishi ortidan boshlanib ketgan edi.

BMTga ko‘ra, janglarda halok bo‘lganlar soni 5 ming 350 kishidan oshib ketgan, 12 mingdan ortiq inson yaralangan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz: 44 7858 860002