O‘zbek milliarder Usmonov Kapello oldidagi qarzni to‘ladi

Image copyright Getty

Milliarder Alisher Usmonov Rossiya Futbol federatsiyasiga Milliy terma jamoaning treneri Fabio Kapello oldidagi 400 mln rubl qarzini to‘lab berishga rozi bo‘lgan.

Rossiya Sport ishlari vaziri Vitaliy Mutkoga ko‘ra, Usmonov Rossiya fuqarosi sifatida uyat hissi bois bunga qaror qilgan.

"Biz 2018 yilda futbol bo‘yicha jahon chempionatiga hozirlik ko‘rib turib, Rossiya futbol terma jamoasi treneri oldidagi qarzni uzolmasak, bu uyat albatta", degan janob Mutko.

Usmonovning o‘zi ham Rossiya axborot agentliklari orqali tarqatilgan murojaatida Futbol federatsiyasiga moliyaviy yordam berilganini tasdiqlagan.

Biroq 400 mln rubl federatsiyaga maqsadli kredit sifatida o‘tkazilgan, undan faqat Kapello bilan imzolangan shartnoma uchun foydalanish mumkin.

Janob Usmonov o‘z navbatida Rossiya Futbol federatsiyasining prezidenti Nikolay Tolstixni tanqid qilib, "vaziyatni shunchalik absurdlikkacha olib borish kerak emas edi", deydi.

Shuningdek, ushbu vaziyat futbol federatsiyasi rahbariyatining faoliyatiga baho berishga asos bo‘lishini aytadi.

Image copyright Getty
Image caption Fabio Kapello sakkiz oydan beri oylik maosh to‘lanmaganidan shikoyat qilgan

Italiyalik trener Kapello oldidagi qarzni uzishga yordam so‘rab Rossiya Sport ishlari vaziri Vitaliy Mutko qator biznesmenlarga murojaat qilishiga to‘g‘ri kelgan.

Alisher Usmonov o‘tkazgan mablag‘ oxirgi sakkiz oyda to‘plangan milliy terma jamoa murabbiysi Fabio Kapello va menejer Oreste Chikvini oldidagi 600 mlnlik qarzning katta qismini yopishga yetadi. Ayni paytda Rossiya Futbol federatsiyasi italiyalik trener shartnomasi bilan bog‘liq holatni izohlashi kutilmoqda.

Alisher Usmonov 2018 yilda Rossiya mezbonlik qiladigan futbol bo‘yicha jahon chempionati tashkiliy qo‘mita a‘zosi, shuningdek Londonning "Arsenal" futbol jamoasi hissadori sanaladi.

2014 yilgi ma‘lumotlarga ko‘ra, asli o‘zbekistonlik biznesmenning mablag‘i 18,6 milliardga teng.

Sahovatpesha Usmonov

Bundan oldin janob Usmonov amerikalik biolog olim Jeyms Uotsonning Christie's kimoshdi savdosiga qo‘yilgan Nobel mukofotini 4,8 million dollarga sotib olgan va egasiga qaytargan.

"Men atoqli olim o‘zining xizmatlari uchun olgan mukofotini sotishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim, deb hisoblayman. Uotsonning ilmiy ishi mening otam vafot etgan saraton kasalligiga qarshi tadqiqotlarda muhim o‘rin tutadi. Men uchun bu mablag‘ ilmiy izlanishlarga qaratilishi muhim va mukofot unga loyiq bo‘lgan insonning o‘zida qolishi kerak", degan u.

Amerikalik olim Nobel mukofotining sotilishidan tushgan pulni ilmiy izlanishlarga va o‘zining irqchilik masalasida gapirgan gapi uchun putur yetgan obro‘sini tiklashga qaratishini aytgandi.

Alisher Usmonov ilgari ham ko‘plab xomiylik tadbirlariga bosh qo‘shgan.

Janob Usmonov matbuot xizmati ma‘lumotlariga qaraganda, milliarderning shirkatlari Rossiya va qisman O‘zbekistondagi sport, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat ishlariga 700 million dollardan ortiq mablag‘ sarflagan.

Alisher Usmonov Forbs jurnalining yillik ro‘yxati bo‘yicha Rossiyaning eng badavlat odamlari qatoridadir.

Ijtimoiy tarmoqlarda Alisher Usmonovning Nobel mukofotini sotib olgani va uni egasiga qaytarish fikri ijtimoiy tarmoqlarda bahslarni paydo qildi.

Bir qancha foydalanuvchilar Usmonov Nobel mukofotini sotib olguncha, o‘sha pullarni Rossiyada yurgan muhojirlarga sarflasa yaxshi emasmi, degan fikrni bildirishgan.

Boshqa birlari shunday sahovatli insonning o‘zbek ekanligidan faxrlanganlar.

Shuningdek, Usmonov O‘zbekistondagi muhojirlar muammosiga aralashib, boshini og‘ritishni istamaydi deb hisoblovchilar ham bor.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz: 44 7858 860002