Xayrullo Hamidov ozodlikka chiqarilgan

Ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarga ko‘ra, diniy ayblovlar bilan 6 yilga qamalgan Xayrullo Hamidov bugun 11 fevralda ozodlikka chiqarilgan.

Xayrullo Hamidovning onasi BBCga o‘g‘lining ozodlikka chiqqanini tasdiqladi. "O‘zi hozir keldi. Qarindosh urug‘lar kelishgan. Diydoriga to‘yib olishsin", dedi.

2010 yil may oyida Yangiyo‘l tuman mahkamasi Xayrullo Hamidovni noqonuniy diniy guruhga a‘zolik hamda jamoat tartibiga xavf soluvchi materiallarni tayyorlash va tarqatishda aybdor, deb topgandi.

Mahkama jarayonida va undan keyin ham Xayrullo Hamidov o‘ziga qo‘yilgan ayblarni rad etib kelgan.

U ayblov tomoni ashyoviy dalil sifatida taqdim etgan va "jamoat xavfsizligiga tahdid" ekani da‘vo qilingan audio va video materiallar radio va televideniyedagi mualliflik dasturlarida efirga uzatilganini aytgan.

Boshqa ayblanuvchilar ham Xayrullo Hamidovning aybsizligi haqida ko‘rsatma berganlar.

Xalqaro tashkilotlar Xayrulllo Hamidov doxil qator siyosiy va diniy mahbuslarni ozod etish talabi bilan O‘zbekiston hukumatiga ochiq murojaatlar bilan chiqishgan.

Qarorgohi Parijda joylashgan "Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotiga ko‘ra, "o‘zbek rasmiylarining Xayrullo Hamidovni hibsga olish uchun qo‘ygan vajlari shubhali va har bir mustaqil insonni ekstremist sifatida ko‘rsatishga qaratilgan".

Futbol sharhlovchisi sifatida sport muxlislari e‘tiboriga tushgan Xayrullo Hamidov keyinroq o‘zining diniy-ma‘rifiy mavzudagi radiodasturlari bilan xalq orasida tanilgan.

Uning she‘r, esse va ma‘ruzalari yozilgan audio hamda video yozuvlar internet, shuningdek, mintaqaning boshqa davlatlarida ham keng tarqalgan.

Muxlislariga ko‘ra, Xayrullo Hamidov o‘z chiqishlarida diniy mavzular bilan birga, dolzarb ijtimoiy muammolarni ko‘tarishi bilan ham e‘tibor qozongan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002