Huquq faollariga chiqish vizasi berilmayapti

Image caption Alyans faollari bundan oldin siyosiy mahbuslarni ozod qilish talabi bilan chiqishgan

Inson huquqlarini himoya qilish alyansi rahbari Yelena Urlayeva 10 fevralda to‘rt huquq faoliga chiqish vizasi berilishini talab qilib Ichki Ishlar vazirligi binosi oldida piket o‘tkazgan.

Oldinroq huquq faollari Malohat Eshonqulova, Shuhrat Rustamov, Adelaida Kim va Yelena Urlayevalarga O‘zbekiston hukumati chiqish vizasi bermayotgani aytilgandi.

Biroq Yelena Urlayeva piket o‘tkazganligi uchun hibsga olingan va Ichki Ishlar Vazirligining qabulxonasiga olib kirib so‘roq qilingan. So‘ngra Yakkasaroy tuman Ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan.

Militsiya xodimlari Urlayevani 5 soat davomida ushlab turganlar va bunday talablar bilan boshqa piket o‘tkazmaslikni talab qilganlar.

Faollar 2015 yil 11 martda Koreyada o‘tadigan "Adolat va tinchlik" mukofotini berish marosimida qatnashishga taklif etilganlar.

Alyans a‘zolariga ko‘ra, O‘zbekiston IIV ularni Seuldagi marosimga bormasliklari uchun ataylab to‘sqinlik qilmoqda.

Faollar viza berilishi talabi bilan piket o‘tkazishni yana davom ettirmoqchilar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002