Xayrullo Hamidov: Ozodlikka chiqqanim tushmasmi, deb o‘zimni chimchilab qo‘yyapman

Hamidov qamoqda unga nisbatan qiynoq ishlatilmaganini aytdi
Image caption Hamidov qamoqda unga nisbatan qiynoq ishlatilmaganini aytdi

Diniy ayblovlar bilan qamalgan Xayrullo Hamidovning ozodlikka chiqishi haqidagi xabar o‘zbekzabon ijtimoiy tarmoqni "portlatgan". Izohlarda muxlislar ushbu kunni intiqlik bilan kutganini va ayrimlar hattoki ko‘z yoshlarini yashira olmayotgani haqida yozgan. Sport jurnalisti Hamidov BBC bilan suhbatda quvonchdan hali o‘ziga kela olmayotganini bildirdi. Diniy ma‘rifiy eshittirishlari bilan ham mashhur jurnalist bu sohada ham ishlarini davom ettirishi mumkinligini aytdi. BBC Xayrullo Hamidov bilan bog‘lanib qamoqdan chiqish jarayoni haqida so‘radi.

Xayrullo Hamidov: O‘tgan yilning oxirlari, dekabrda "Toshturma"ga olib kelindim. Keyin 17 yanvarda Chirchiqdagi oltinchi sonli muassasaga joylashtirildim. U yerda ozroq bo‘lganimdan so‘ng avfnomaga binoan, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi va senatining qarori hamda Prezidentimizning avfnomaga qo‘l qo‘yishlari natijasida, aktga binoan 11 fevral kuni Chirchiqdagi oltinchi muassasada sud bo‘lib o‘tdi. Soat uchlarda bo‘ldi. Tugashi bilan darhol chiqarib yuborishdi. Men bilan birgalikda 16 ta odam chiqdi. Ularning hammasi diniy ekstremistik oqimga mansub mahkumlar edi. O‘shalarning 16 tasi maxsus zonadan ozodlikka chiqarildi. Uyimdagilarning o‘sha yerning o‘zida kutib o‘tirishgan ekan. Uyga kechki 6:30 – 7 larda keldik. Kelganimizda mahalla va ko‘p qarindoshlar kutib o‘tirishgan ekan. Odamlarning kelishi kechgacha davom etdi.

BBC: Ozodlikda bir tunni o‘tkazdingiz kayfiyat va hissiyotlaringiz qanday?

Xayrullo Hamidov: Fuzuliyning g‘azali borku, "Ko‘zi yoshlilarin holi na bo‘lsin mardumi g‘ofil", degan. Buni ozodlikka chiqqan odam biladi, boshqalar his qila olmaydi. Boshqacha bo‘ladi, baribir besh yil umr muassasalarda o‘tdi. Jazo muddatini o‘tadik. Garchi ancha gapirgan bo‘lsak ham, jiddiy va keskin masalalar xususida gapirgan bo‘lsak ham mana avfnomalar yozganimizdan keyin Prezidentimiz kechirdilar, judayam xursandman. Baribir shu Vatan bolam derkan, huddi onaga o‘xshab kechirib. Sud bo‘lishidan bir haftalar oldin bildim. Falon falon mahkumlar o‘zining hulqini tuzatganligi va chiqishga yaroqli ekanligi haqida ma‘lumotlar berib tadbirlar o‘tkazishdi. Ro‘yxatga tushganimni o‘shanda bilgan edim. O‘shandan boshlab bu soniyalarni kutdim. Endi tasavvur qiling bir hafta ikki hafta, soatma soat kutib chiqqanigizdan keyin xuddi tushga o‘xshaydi. Bir xil paytda o‘zimni chimchilab qo‘yaman, rostdan tushmasmi, deb.

BBC: 4 marta afv so‘rab maktub yozgan ekansiz. Bu safar qabul qilishlariga qanchalik umid qilgan edingiz?

Xayrullo Hamidov: Endi to‘rt marta deb deyilgani, boshida 2010 yili qamalganimda hali "Toshturma"da ekanligimda ikkita yozilgan. O‘shani inobatga olib 4 marta dedim. Keyin o‘tgan yili yozildi. Yozilganidan so‘ng ikkinchi bosqichda ko‘rib chiqilyapti, deb javob kelgandi. Chirchiqqa kelganimdan keyin bu yerda ham yozdim. Yozganimni muassasa rahbarlari jo‘natishdi. Keyin har tomonlama jiddiy o‘rganiladi. 4 yil o‘zimni qanday tutganligi, har bitta odamning bergan bayonnoma va ko‘rsatmalari o‘rganib chiqilib tadbiq etiladi. Men u tomonlarini uncha tushunmayman. Lekin shuni bilamanki, oxir oqibat bu aktga O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning o‘zi qo‘l qo‘yganligini aniq bilaman. Shu tomonlama men eng asosiy minnatdorchilimni bildiradigan odamim shu Prezidentimiz.

BBC: Biz bilan suhbatlashgan ayrim diniy mahbuslar o‘zlariga nisbatan tergov jarayoni va jazo muddatini o‘tash vaqtida davomiy tarzda jismoniy va ruhiy qiynoqlar qo‘llanilganini aytishadi. Sizga nisbatan kuch ishlatish va tahqirlash holatlari bo‘ldimi?

Xayrullo Hamidov: Yo‘q, bo‘lmadi. Buni men paxta qo‘yish yoki qo‘rqqanimdan gapirmayapman. Haqiqatdan ham men borganimdayam, Navoiydagi 47 - sonli muassasada ham rostdan ham ko‘rmadim. Qamalmasimdan oldin men ham har xil gaplarni eshitardim. Balki kimgadir bo‘lgandir. Birov uchun javob bermayman. Lekin o‘zim ko‘zim bilan ko‘rib kelgan narsani aytsam, u narsalarni ko‘rmadim. Men asosan 47 – muassasada bo‘ldim, Chirchiqda bo‘lgan bo‘lsam bir oy bo‘ldim. Chirchiqdagi vaziyatni uncha bilmayman, chunki bir oy asosan karantin holati bo‘ladi. O‘shandan so‘ng chiqib ketdim. Navoiy viloyatidagi muassasada u narsalarni boshqalarga nisbatan ham ko‘rmaganman, menga umuman bo‘lmagan. Klubda ishladim. Odam u yerda ishlab ma‘naviyatini yanada oshirib olishi mumkin. Kutubxonaga va tadbirlarga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Soham jurnalistika bo‘lganligi uchun ham malakani oshirib olishga imkoniyat bo‘ladi.

To‘g‘ri odamning ichida ruhiy holatda sog‘inch, ayriliq va boshqa qiynoqlar bo‘ladi. Lekin jismoniy menga nisbatan hech narsa bo‘lmadi.

BBC: Klubda ishladim deyapsiz, qamoqxonada ijod bilan shug‘ullandingizmi,muxlislaringiz undan qachon bahramand bo‘lishadi?

Xayrullo Hamidov: Ijod bilan shug‘ullandim. O‘sha yerda juda ko‘p tadbirlarda qatnashib asosan she‘rlar o‘qirdim. 47 chi muassasadan chiqqan xohlagan mahkumdan so‘rasangiz bo‘ladi. 2010 yildan 2014 yilgacha o‘tirgan mahkumlarning hammasi biladi. Qo‘shiqlarga she‘rlar yozib beradim. Ona, sog‘inch, Vatan kabi mavzularda. Asosan mahkumiyat va mahkumlarning ichidagi dard yoziladi. U yerdagi hayot boshqa. Ko‘chadagi holatda mavzular keng bo‘lsa, u yerda cheklangan. Chunki insonning holati asosan bir narsaga – ozodlikka, uydagilarga va sog‘inchga qaratiladi. Ayriliq odamni ozroq qiynaydi. Jazo muddati o‘talayotganda ruhiy holat bo‘lishi turgan gap. Shu narsalar haqida ko‘p narsa yozganman. Bu muntazam ravishda, deyarli har xafta tadbirlarda she‘rlar o‘qirdim.

Qachon bahramand bo‘lishlarini bilmayman. Hayotga moslashib olayin. Endi keldim, nima gap, nima so‘z bilaylik. Erta indin hujjatlashtirish ishlari bor. O‘shalardan o‘tib bo‘lganidan keyin bafurja o‘ylab ko‘riladi. Asosan uydagilarning diydoriga to‘yib olish va qarindoshlarni ko‘rish turibdi. Boshqa narsalarni o‘ylaydigan ahvolda emasman.

BBC: Muxlislaringiz sizni diniy-ma‘rifiy "Xolislik sari" eshittirishlari orqali ham ko‘proq tanir edi. Endi bu sohada ishlarni tashlab qo‘yishi mumkin degan xavotir bildirishmoqda. Bunga nima deysiz?

Xayrullo Hamidov: Besh yil jazo muddatini o‘tab kelgan odamga hozir bu narsalarni o‘ylash ortiqchalik qiladi. Hali kelganimga 24 soat ham bo‘lmadi. Hozir gapirayotganingizda ham nima qilishim kerak, deb har qancha harakat qilsam ham o‘ylay olmayapman. Bir haftalar moslashganimdan keyin, balkim bu sohada ham bo‘lar.

BBC: Xayrullo Hamidovning ozodlikkaa chiqishi o‘zbekzabon ijtimoiy tarmoqlarni ma‘joziy ma‘noda portlashiga olib keldi. Kimdir suyunganidan yig‘lagan, yana kimdir quvonchidan ichiga sig‘magan. Hattoki ushbu xabarni yetkazgan kishiga suyunchisiga to‘n kiydiraman degan va‘dalar ham bo‘ldi. Sizni intiqlik bilan kutgan muxlislaringizga qanday tilaklar bildirasiz?

Xayrullo Hamidov: Albatta, muxlislarga faqatgina yaxshilik ilinamiz, yaxshilik tilaymiz. Haqiqatda kutishgan ekan. Avvalambor, jazo muddatini o‘tab kelib, uyga sog‘-salomat qaytishimizga sabab bo‘lgan barcha barchaning haqqiga duo qilib qo‘yishlarini so‘raymiz. Xususan, shu amnistiya aktiga imzo qo‘ygan prezidentimiz Islom Karimov haqlariga ham.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002