Ukraina sharqida otashkesim e‘lon qilinadi

Image copyright Reuters

Belorusdagi muzokaralar chog‘i 15 fevraldan boshlab Ukraina sharqida o‘q otish to‘xtatilishiga kelishilgan.

Bu haqda Rossiya va Ukraina rahbarlari e‘lon qilishgan.

"Biz asosiy masalalarda kelishishga muvaffaq bo‘ldik", deb aytdi Vladimir Putin Ukraina, Frantsiya va Olmoniya rahbarlari ishtirokida o‘tgan sammit ortidan.

Frantsiya Prezidenti Fransua Olland esa, o‘rtadagi "jiddiy bitim" ekani, ammo muhokamadagi barcha nuqtalar yuzasidan ham bir to‘xtamga kelinmaganini ta‘kidladi.

Olmoniya tarafi voizi ko‘ra, hali ijobiy natijalarga erishish yuzasidan "umidlar" so‘nmagan.

17 soat davom etgan muzokaralar ortidan e‘lon qilingan bitim jabha chizig‘idan og‘ir qurollarni olib chiqib ketish masalasini ham o‘z ichiga olgan. Endi rahbarlarga ko‘ra, Ukraina sharqidagi rossiyaparast isyonkorlar buni imzolashlari kerak.

Demak, kelishilgan nuqtalar:

*Otashkesim 15 fevraldan boshlanadi;

*Og‘ir qurollar olib chiqib ketiladi; Bu jarayon 17 fevraldan boshlanib, ikki hafta ichida yakunlanishi kerak;

*Barcha mahbuslar ozod qilinadi; Janglarda ishtirok etayotgan tomonlarga avf qo‘llaniladi;

*Hamma turdagi xorijiy qurolli tuzilmalar, qurol-aslahalar, yollanma askarlar Ukraina hududini tark etishi, noqonuniy guruhlar barchasi qurolsizlanishi lozim;

*Isyonkorlar nazorati ostidagi yerlarda odatiy hayotni qayta boshlashga izn berish, barcha cheklovlar bekor qilish ko‘zda tutilgan;

*Konstitutsion islohotlar o‘tkazilishi lozim;

*2015 yil oxiriga borib, Ukraina Rossiya bilan o‘rtadagi chegarada nazorat o‘rnatadi.

BBCning Minskdagi muxbiri Richard Galpinga ko‘ra, o‘tgan sentyabr oyi xuddi shunga o‘xshash otashkesim kelishuviga erishilgan, biroq ko‘p o‘tmay, bekor bo‘lgandi.

Merkel xonim katta muammolar saqlanib qolgani, ammo "umid uchqunlari" so‘nmaganini aytgan.

Hal etilmagan masalalardan biri Debaltsevo shaharchasining maqomidir. Hukumat nazorati ushbu shaharcha atrofi isyonkorlar tarafidan o‘rab olingan va bir necha kundirki, hududda qaqshatqich janglar kechayotgandi.

Donetsk va Lugansk mintaqalari bo‘yicha ham muzokara o‘takaziladi.

Janob Putin Rossiya televizioni orqali chiqarkan: "Bu men uchun juda yaxshi tun emas edi, ammo tong xayrli bo‘ldi", deb aytgan.

Rossiyani "qabul qilib bo‘lmas shartlar" qo‘yayotganlikda ayblagan Pyotr Poroshenko "tanglik va bosimga qaramay" Ukraina "ultimatumlar"ga yon bermaganini ta‘kidlagan.

Lugansk mintaqasidagi bo‘lginchilar rahbari Igor Plotnitskiy kelishuvni olqishlab chiqqan.

"Umid qilamizki, bizning sa‘y-harakatlarimiz bilan Ukraina o‘zgaradi va fuqarolar, shifoxonalar va ijtimoiy jihatdan muhim inshootlar nishonga olinmaydi", deb aytgan u.

Shartlar

Avvalroq, Prezident Pyotr Poroshenko Belorusdagi Ukraina inqirozini yechishga qaratilgan muzokaralarda Rossiya qo‘yayotgan shartlar "qabul qilib bo‘lmas" ekanini aytgandi.

U bu haqda tanaffus payti muxbirlarga gapirgan. Muzokaralarda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham ishtirok etgan.

Frantsiya rahbari Fransua Olland va Olmoniya kantsleri Angela Merkel rahbarlari yetakchiligida o‘tayotgan Minskdagi to‘rt tomonlama yig‘in chorshanba kuni tunda boshlangan va ertalabgacha davom etgan.

Ukraina sharqidagi janglarda minglab insonlar nobud bo‘ldi.

Tun bo‘yi qariyb 14 soat kechgan muzokaralar ortidan janob Poroshenko "hali yaxshi xabar yo‘q"ligini bildirgan.

Prezident muxbirlarga gapirarkan, Rossiya qo‘yayotgan "shartlarni, qabul qilib bo‘lmas", deya hisoblashini aytgan.

U tafsilotlarga mufassal to‘xtalmagan, biroq muzokaralar davom etarkan, "har doim umid bor"ligini qo‘shimcha qilgan.

Rahbarlar otashkesim, og‘ir qurollarni olib chiqib ketish va demilitarizatsiyalash masalalariga e‘tibor qaratishgan.

Rossiya Ukraina sharqidagi bo‘lginchilarni qurollantirish va dastaklashda ayblanadi. Rossiya hukumat esa, bu ayblovlarni rad qiladi.

Ukraina hukumati 5 sentyabrda erishilgan va keyin muvaffaqiyatsizlikka uchragan otashkesimga asosida demarkatsiya chizig‘ini belgilash ilinjida edi.

BBCning Donetskdagi muxbiri Jeyms Reynoldsning xabar qilishicha, isyonkorlar yaqin haftalar asnosida qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlar aks etadigan yangi kelishuvni istashadi.

Ayni paytda Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi Ukraina iqtisodini dastaklash uchun 17, 5 milliardlik ko‘mak taklif qilgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002