Tojik saylovi: o‘qituvchi nomzod tojik tili imtihonidan "yiqildi"

Image copyright BBC World Service

Tojikiston saylov komissiyasi 38 yillik ish tajribasiga ega tojik tili o‘qituvchisi Dodojon Yoqubovni davlat tili imtihonidan "yiqitdi".

Dodojon Yoqubov o‘qituvchi bo‘lishi bilan birga fan nomzodi hamdir.

Uning nomzodini Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi Sug‘d viloyat majlisi deputatligiga ilgari surgan edi.

Islom Uyg‘onish partiyasi o‘z nomzodining viloyat saylov komissiyasi tomonidan tojik tili imtihonidan o‘ta olmagani haqida xabar tarqatgan.

Okrug saylov komissiyasining qaroridan norozi bo‘lgan Dodojon Yoqubov mahkamaga shikoyat arizasini topshirgan.

Biroq mahkama uning shikoyatini rad etgan.

Imtihondan o‘ta olmagani vaj qilinib janob Yoqubovning nomzodini Sug‘d okrugi saylov komissiyasi ro‘yxatga olmagan.

Biroq ko‘chalarda pedagog haqorat qilingan fotosuratlar paydo bo‘lgan, deb zabar qiladi "Ozodagon" web-sayti.

Image copyright BBC World Service

Ayni paytda Tojikistondagi Jurnalistlar uyushmasi, Mustaqil ommaviy axborot vositalari Milliy assotsiatsiyasi va Ommaviy axborot vositalari bo‘yicha Kengash ham matbuotdan jurnalistlarga qarshi siyosiy kurash quroli sifatida foydalanilayotganidan xavotir bildirib chiqqan.

Bu tashkilotlar ham jurnalistlarga matbuot orqali hujumlar 1 martga belgilangan Tojikiston parlament saylovlari arafasida yuz berayotganini urg‘ulagan.

"Oxirgi paytda mustaqil jurnalistlarga qarshi ta‘qib, ruhiy bosim, shaxsiy hayotga taalluqli axborotni ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishdek hujumlar kuzatilmoqda. Bunday hujumlardan ko‘zlangan maqsad, jurnalistlarni jamiyat oldida obro‘sizlantirishdir. Soxta ismlar ostidagi odamlar jurnalistlarning shaxsiy va kasb siri bo‘lgan axborotdan foydalanmoqdalar, bu narsalar esa qo‘lga kiritish cheklangan axborot noqonuniy qo‘lga kiritilganini ko‘rsatadi", deyiladi jurnalistlarni himoya qilish tashkilotlari tarqatgan bayonotda.

Tojik muxolifati, xususan Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi davlat tomonidan partiya va uning a‘zolarini obro‘sizlantirish maqsadida iflos usullarga qo‘l urilayotgani haqida bayonotlar tarqatgan.

Internetda go‘yoki partiya a‘zolari ekani aytilgan shaxslarning shahvoniy videolari e‘lon qilingan.

Ayrim partiya a‘zolari ustidan soxta ayblovlar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hibsga olinganlar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer