Qirg‘iziston zamonaviy tarixida ko‘rilmagan qamoqxona qurmoqchi

Image copyright Getty

Xabarlarga ko‘ra, Qirg‘izistonda deyarli barcha qamoqxonalarni bir joyga yig‘ib, zamonaviy shart-sharoitlarga ega, ulkan va markazlashgan yagona jazoni ijro etish muassasasini barpo etish masalasi muhokama etilmoqda.

Bu kabi antiqa inshootni qurish uchun lozim bo‘lgan mablag‘ning aksariyat qismini esa, eski qamoqxonalarni sotish bilan qoplash taklif qilinayapti.

Agar, imkonli bo‘lgan so‘nggi ma‘lumotlarga tayanilsa, hozir Qirg‘izistonda taxminan 15.000 kishi mahkamaga tortilib, hukm etilgan.

Shulardan jazosi og‘ir bo‘lgan besh mingdan ortiqrog‘i yopiq jazoni ijro etish muassasalarida saqlanmoqda.

Butun Qirg‘iziston bo‘ylab esa, o‘nlab qamoqxonalarning faoliyat yuritishi aytiladi.

Mahalliy kuzatuvchilarga ko‘ra, iqtisodi nochor bo‘lgan Qirg‘izistondek kichik bir mamlakat uchun deyarli barcha viloyatlarda barpo etilgan buncha sondagi qamoqxonalarni har jihatdan tutib turish oson ish emas.

Xabarlarga ko‘ra, ayni shu omil sabab, hayhotdek qamoqxona qurish g‘oyasi o‘rtaga tashlangan.

Qirg‘izistonlik mas‘ullarga ko‘ra, agar ushbu reja amalga oshsa, yangi markaz to‘rt ming mahbusni o‘z bag‘riga sig‘dirishi mumkin.

Ammo, shunda ham, umrbod qamoq jazosiga hukm etilgan insonlar, xotin-qizlar, voyaga yetmagan bolalar va sil xastaligiga chalingan mahkumlar bu yerga ko‘chirilmaydi.

Mas‘ullarning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, bir umrga ozodlikdan mahrum etilgan va silga chalingan mahkumlar uchun allaqachon ikkita alohida qamoqxona qurib berishgan.

Agar, ularning so‘zlariga tayanilsa, mamlakat rahbariyati tomonidan e‘lon qilinayotgan avflar bois, so‘nggi yillarda butun Qirg‘iziston bo‘ylab mahkumlarning soni sezilarli darajada kamaygan.

Ammo, xuddi shu manzarada, bir insonning qayta-qayta jinoyat sodir etishi hollari ortgan.

Og‘irligi turlicha bo‘lgan jinoyatlarda ayblangan shaxslarni saqlash uchun xos qamoqxonalarning yo‘qligi esa, hibsxonalar va boshqa jazoni o‘tash muassasalarini jinoyatchilar, odatda, tajriba almashadigan markazlarga aylantirib qo‘ygan, deyishadi ular.

Qirg‘izistonlik mas‘ullarga ko‘ra, mahbuslarni yaxshiroq nazorat qilish va xavfsizlik nuqtai nazaridan ham, markazlashtirilgan bitta yirik qamoqxona qurilishi maqsadga muvofiqdir.

Ularning aytishlaricha, Qirg‘iziston qamoqxonalarida bu xususda zamonaviy texnik imkoniyatlarning yetarli emasligi so‘nggi yillarda qator jinoiy doira rahbarlariga qo‘l kelgan, ular qasddan bir necha bor turli tartibsizliklar uyushtirishga muvaffaq bo‘lishgan.

Ayon bo‘lishicha, yangi loyiha hukumat tomonidan ma‘qullansa, Qirg‘iziston bo‘ylab joylashgan deyarli barcha qamoqxona binolari sotish maqsadida Davlat mulk idorasi ixtiyoriga o‘tkaziladi.

Shundan so‘ng, bu inshootlar kimoshdi savdosiga qo‘yilib, alohida shaxslar va tadbirkorlarga sotiladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02