"Maydan" xunrezligi: Kim birinchi bo‘lib o‘t ochdi?

Image copyright EPA
Image caption Bir yil oldin "Maydon"da ellikdan ziyod odam xalok bo‘lgan

2014 yilning 20 fevrali tongi. Kiyevning qoq markazi - "Maydan" ikkiga bo‘lingan. Bir tarafda maxsus politsiya kuchlari, ikkinchi tarafda esa – norozilik namoyishchilari.

"Maydan"da taranglik axvoli ikki oydan buyon davom etmoqda. Biroq bu holat ham o‘z poyoniga yetadigan ko‘rinadi. Kun botishi bilan ellikdan ortiq odam xalok bo‘ladi. Ulardan aksariyati tor ko‘chalarda xavfsizlik xizmati tomonidan o‘qqa tutilgan.

Zo‘ravonliklar Ukrainaning Moskvaparast prezidenti Viktor Yanukovichning hokimiyatdan ag‘darilishiga olib keladi. Rasmiy Kreml bu voqealarni davlat to‘ntirishi deb ta‘riflab, Qrimni bosib olish va sharqiy Ukrainadagi bo‘lginchilarni dastaklash uchun mazkur holatdan foydalanadi.

Norozilik namoyishlari liderlari bugungi Ukrainada hokimiyat tepasiga kelganlar. Ular sobiq hukumat buyrug‘i ostida tinch aholiga o‘q otilgani uchun butun ma‘suliyatni xavfsizlik xizmati hodimlariga to‘nkayaptilar.

Biroq, bir yil o‘tgach, ba‘zi guvohlarning hikoyalarida yangi jihatlar ham o‘rtaga chiqmoqda.

Image copyright epa
Image caption Bir tarafda maxsus politsiya kuchlari, ikkinchi tarafda esa – norozilik namoyishchilari

"Men ularni o‘ldirish uchun o‘t ochganim yo‘q"

"Men ularning oyoqlariga qarab otganman", - deydi o‘zini Sergiy deb tanishtirgan yigit. - "Maydan"ning janubi-g‘arbiy burchagida joylashgan Kiyev konservatoriyasi binosida mavqeni egallaganman. Albatta, men odamlarning qo‘li yoki boshqa bir joyiga tegib ketishim mumkin edi. Lekin ularni o‘ldirish uchun o‘q otganim yo‘q".

Sergiyning menga aytishicha, u "Maydan"da bir oy mobaynida deyarli har kuni namoyishlarda qatnashib yuradi. So‘ngra qo‘liga qurol oladi. Uning menga tushuntirishicha, politsiya zobitlariga qarata o‘t ochgani natijasida politsiya ortga qaytishga majbur bo‘lgan.

Bundan ikki kun oldin, 18 fevralda, otishmalar ro‘y bergan edi. 19 fevral kuni, chorshanbada, vaziyat sal tinchigan ko‘rindi-yu, ammo kechqurunga borib, Sergiyning aytishicha, no‘malum bir kishi bilan muloqot uyushtiriladi. Mazkur shaxs unga ikkita qurol - 12 kalibrlik kichik miltiq bilan "Sayga" nomli katta tezlikda ketma-ket o‘q otadigan ov miltig‘ini taklif qiladi.

U "Sayga"ni tanlaganini aytadi. So‘ngra Sergiy yangi miltig‘ini konservatoriyaga yaqin joylashgan pochta binosida yashirib qo‘yadi. O‘sha paytda "Maydan" namoyishchilari ikkala binoni nazorat qilib turishgan edi.

Image copyright EPA
Image caption "Maydan" zo‘ravonliklari

20 fevral kuni hodisalar qanday rivojlana boshlagan?

Namoyishchilar bosimi ostida politsiya kuchlari jabha chizig‘idan ortga chekinishga majbur bo‘lishadi. "Ukraina" mehmonxonasi joylashgan ko‘chalardan birida politsiya zobitlari boshpana topishga muvaffaq bo‘ladilar.

Bu harakatlarni ko‘rib turgan namoyishchilar politsiyaga qarata yopirilib siljishni boshlashadi. Shunda qochishga majbur bo‘lgan xavfsizlik xodimlari va atrofdagi baland imoratlarda o‘rnashib olgan merganlar namoyishchilarni o‘qqa tutadilar.

Ellikdan ortiq inson xalok bo‘ladi. Bu - "Maydan"da namoyishchilar bilan xavfsizlik kuchlari o‘rtasida sodir bo‘lgan to‘qnashuvlardan eng qonlisi bo‘ladi.

20 fevralda ertalab otishma boshlanganida, Sergiyning aytishicha, uni konservatoriyaga yuborishadi. U yerda soat 7.00 qadar u yigirma daqiqa davomida boshqa o‘qchi bilan birga politsiyachilarga o‘q otadi.

Uning hisoboti boshqa guvohlar tomonidan ham qisman tasdiqlanmoqda.

O‘sha kuni ertalab parlamentning muxolif a‘zosi va "Maydan" harakatining ishtirokchisi Andriy Shevchenkoga maydonda joylashgan maxsus politsiya kuchlari rahbari qo‘ng‘iroq qiladi.

"U menga telefonda, Andriy, kimdir yigitlarimni otib tashlayapti,-deb aytdi. - O‘qlar konservatoriya tomonidan kelyapti".

Shevchenko namoyishchilar xavfsizligi uchun ma‘sul bo‘lgan Andriy Parubiy bilan bog‘lanadi. Parubiy "Maydan kommendanti" degan nom chiqargandi.

"Konservatoriya binosini butunlay sinchiklab chiqish va o‘q otuvchilarni topish uchun o‘zim ishongan odamlarimdan bir guruhni yubordim", - deb eslaydi Parubiy.

Biroq o‘shandan keyin ham deputat Andriy Shevchenkoga politsiya rahbarining vahimali qo‘ng‘iroqlari tinmaydi.

"Menga politsiya rahbari ketma-ket telefon qilib, "Yigitlarimning uchtasi yaralandi... endi beshtasi yaralangan.. yigitlarimdan biri halok bo‘ldi"... deb gapirardi. So‘ngra bir mahal u "men kuchlarimni ortga qaytaraman" deya, "Andriy, buning oxiri qanday bo‘lishini men bilmayman", deb aytdi. Lekin men o‘sha zahoti juda yomon hodisa sodir etilganini anglab yetdim".

Andriy Parubiy bugungi kunda Ukraina parlamenti raisining o‘rinbosaridir. Uning aytishicha, konservatoriya binosiga yuborilgan unga tegishli odamlar birorta o‘qchini topishmagan.

Biroq, o‘sha kuni ertalab soat sakkizdan so‘ng konservatoriyaga kirishga muvafaq bo‘lgan mahalliy yosh fotograf o‘qchilarni rasmga tushurishga ulguradi. Lekin ularning aynan o‘q otayotganlarini u ko‘rmagani haqida gapirib berdi.

Sergiyning menga gapirib berganlari Parubiyning so‘zlariga qarama-qarshi kelyapti.

"Men miltiqimni o‘qlab yotgan edim", - deydi u. "Birdaniga kimdir oldimga yugurib kelib, oyog‘i bilan bosdi. "Senga gapimiz bor, xavotir olma, hammasi yaxshi, lekin qilayotgan ishlaringni to‘xtat", deb aytishdi".

Sergiyning o‘ylashicha, keyinchalik uni binodan olib chiqqan shaxslar Parubiyning odamlari bo‘lishgan, ammo ularni yuzlaridan tanib olish imkoni yo‘q edi. So‘ngra ular Sergiyni konservatoriyadan olib chiqib, mashinaga solib, Kiyevdan uzoqroqda qo‘yib yuborishgan. Uyiga u o‘zi yo‘l topib yetib borganini aytadi.

O‘sha vaqtga qadar uchta politsiyachi halokatli yaralangan edi. Namoyishchilarning qirg‘ini boshlanib ketadi.

Kiyev o‘tkazgan rasmiy tekshiruvda asosiy e‘tibor politsiya kuchlari ortga qaytaganlaridan so‘ng boshlanib ketgan otishmaga qaratilmoqda. Videotasmalarda politsiyachilar namoyishchilarga qarata o‘q otayotganlarini aniq ko‘rish mumkin.

Tekshiruv natijasida faqat uchta odam hibsga olingan va ularning bari politsiya maxsus bo‘limining a‘zolaridir. Bulardan ikkisi - kichik martabali zobitlar- hali ham hibsdadirlar. Uchinchi shaxs, bo‘lim qo‘mondoni Dmitriy Sadovnik esa, garov evaziga chiqib, so‘ng g‘oyib bo‘lgan.

Uch politsiyachi 39 odamning o‘limida ayblanmoqda. Biroq bu raqamdan ortiq kamida o‘nta namoyishchi o‘ldirilib, politsiya kuchlaridan uch nafari jarohatlaridan halok bo‘lgan.

Halok bo‘lgan oddiy namoyishchilardan ba‘zilari mergan tomonidan otilgani aniq ko‘rinadi. Merganlar "Maydan"ni o‘rab olgan baland binolardan o‘q otishgan bo‘lishlari mumkin.

Qurbonlarning yaqinlari va Bosh prokuraturadagi manbalarning BBCga aytishlaricha, maxsus politsiya kuchlari qo‘llaridan halok bo‘lgan odamlarning o‘limlarini tekshirishga qaratilgan tergov har bir bosqichda to‘siqlarga duch kelmoqda.

"Yanukovich davrida prokuratura, militsiya va sudlar Bermud uchburchagining qirralarini tashkil qilgan", - deydi Andriy Shevchenko. "Ular til biriktirib ishlaganlari, bir-birining ayblarini yashirishga harakat qilganlarini hamma yaxshi bilgan. Va aynan shu jihatlar mamlakatda chuqur ildiz ortgan korruptsiyaning poydevori edi. Mazkur aloqalar hanuzgacha jamiyatda mavjud".

Fitna nazariyalari

Ayni paytda voqealar yuzasidan fitna nazariyalari keng tarqalib ketmoqda.

Fevral boshlarida Ukraina Bosh prokurori Vitaliy Yarema olib borgan tergov jarayoni ustidan yangragan tanqidlar tufayli iste‘foga berdi.

"Maydan kommendanti" Andriy Parubiyning aytishicha, "20 fevralda otishmalarni Rossiyadan kelgan va Rossiya tomonidan nazorat qilingan maxsus merganlar sodir etganlariga men qattiq ishonaman".

"Bu otishmalar orqali ular "Maydan"da xunrezlik uyushtirmoqchi bo‘lishgan".

Bu nazariyaga Ukrainada deyarli hamma ishonadi. Rossiyada esa buning aksini ta‘kidlashayotir. Rossiyaliklar "Maydan"dagi to‘qnashuvlar g‘arbning fitnasi bo‘lib, AQShning Markaziy Josuslik Boshqarmasi tashkillashtirmoqchi bo‘lgan to‘ntaruv orqali Ukrainani Moskva ta‘siridan tortib olish bo‘lgan. Biroq biror tomon ishonchli dalillarni taqdim etolmagan.

"Maydan"ga chiqqan namoyishchilarning aksari tinch va qurollanmagan odamlar bo‘lgan. Har holda 20 fevralda xalok bo‘lgan namoyishchilar birontasining qo‘lida qurol bo‘lmagani ma‘lum.

"Maydan" rahbarlari ular namoyishchilarni qurol-aslahalardan uzoqlashtirishga harakat qilganlarini ta‘kidlab kelishadi.

"Biz qudratimiz kuchni ishlatmaslikda ekanini bilganmiz va agarda biz o‘q ochganimizda bu bizning ojizligimizga aylanar edi", deydi Andriy Shevchenko.

Parubiyga ko‘ra, xavfsizlik xizmati hodimlari zo‘ravonlik qo‘llaganliklariga javoban va talafot yegan yaqinlari uchun qasos olish maqsadida ayrim namoyishchilar miltiqlarni "Maydan"ga olib kelishlari mumkin edi.

"Men, 18 fevral kuni ro‘y bergan otishmalardan so‘ng, yigitlar "Maydan"ga ov miltiqlarini ko‘tarib kelganlari haqida eshitganman. O‘sha kunlari menga aytishlaricha, ularning ba‘zilari 18-da halok bo‘lgan odamlarning otalari yo-da qarindoshlari ekanlarini faraz qilishim mumkin. Merganlar namoyishchilarimizga qarata o‘q otishni boshlagan paytlari, mazkur odamlar ularga javoban miltiqlaridan o‘t ochishgan bo‘lishi mumkin", - deydi "Maydan kommendanti" Parubiy.

Image copyright Getty

Biroq Sergiy, bu so‘zlarga qo‘shilmaydi. Uning aytishicha, uni yanvar oxirlarida aynan o‘qchi sifatida yollashgan. O‘zini iste‘fodagi harbiy zobit deb tanishtirgan erkak kishi sobiq askar bo‘lmish Sergiyni ishga olishga uringan.

"Biroz gaplashganimizdan keyin, u meni o‘z himoyasiga oldi. Balki ba‘zi jihatlarimni yoqtirgandir. Zobitlar psixolog kabi, inson nimaga qodir ekanligini darrov bilib olishadi. U meni o‘ziga yaqin tutdi".

Mazkur iste‘fodagi harbiy zobit "sening vaqting hali keladi", deya, "Maydan"da faol bo‘lgan harbiy guruhlarga qo‘shilmaslik haqida ogohlantirdi.

Ya‘ni, qurolni qo‘lga olish uchun uni ruhan tayyorgarlikdan o‘tkazishgan deb o‘ylaydimi?

"Yo‘q, biz, misol uchun, o‘tirib bir rejani ishlab chiqqanimiz yo‘q. Lekin bu haqda ko‘p gaplashganmiz va u meni bir ma‘noda tayyorlagan edi, deb aytsam bo‘ladi".

Sergiyni yollashga uringan odam kim bo‘lgani yoki o‘sha kunlari "Maydan"da faol bo‘lgan guruhlar birining a‘zosi bo‘lgani o‘ta mavhum.

Lekin shunisi aniqki, shu vaqtga qadar 20 fevralda birinchi bo‘lib kim o‘t ochganini biz hanuzgacha bilmaymiz.

Ehtimol, Sergiydan katta o‘yindagi piyoda kabi foydalanishgandir. Boshida oddiy namoyishchi bo‘lgan Sergiy bora-bora o‘z-o‘zini himoya qilish uchun qurol olishga majbur bo‘lganini aytadi.

"Men kimnidir o‘ldirish niyatida qurol ko‘targanim yo‘q. Biroq vaziyat majbur qildi. Men o‘zimni qahramondek his qilmayapman. Aksincha, men kechalari uxlolmayapman, yomon tushlar ko‘raman. O‘zimni tutishga harakat qilaman. Lekin sal bo‘lsa ham kichik bir narsaga asabiylashib ketadigan bo‘ldim. Maqtanadigan joyim yo‘q mening. O‘t ochish o‘ta oson. Undan keyin hayot kechirish qiyin bo‘lar ekan. Lekin o‘z vatanini himoya qilishi kerak inson".

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02