Prezident Obama: AQSh Islomga emas, uni buzib ko‘rsatayotganlarga qarshi

Image copyright Getty

Vashingtonda o‘tayotgan uch kunlik ekstremizmga bag‘ishlangan anjumanda Prezident Barak Obama aytishicha, AQSh Islomga qarshi emas, balki Islom dinini buzib ko‘rsatayotganlarga qarshi urushmoqda.

"Biz Islom bilan urushayotganimiz yo‘q. Biz Islomni buzib ko‘rsatayotganlar bilan urushayapmiz", deb aytgan Prezident Obama.

Dinga e‘tiqod qilganlar sodir etgan jinoyatlar uchun din javobgar emas, deb uqtirgan AQSh prezidenti.

"Islomiy Davlat" va unga o‘xshagan guruhlarning rahbarlari diniy namoyandalar emas, terrorchilar, deb aytgan Prezident Obama.

Ekstremizmga bag‘ishlangan konferentsiya arafasida Los Angeles Times ro‘znomasida janob Obamaning katta maqolasi e‘lon qilingan.

Bu maqolada janob Obamaning diniy ekstremizm haqidagi qarashlari o‘z aksini topgan.

"Al-Qoida" va "Islomiy Davlat"ga o‘xshagan guruhlar korruptsiya va adolatsizlikdan g‘azablangan, shu tufayli o‘z hayotini yaxshilashning biror bir imkoniyatini ko‘rmayotgan insonlarning g‘azablaridan foydalanmoqdalar", deyiladi maqolada.

"Dunyo bugungi yoshlarga bundan-da yaxshiroq narsani taklif qilmog‘i kerak. Inson huquqlarini poymol etayotgan hukumatlar ekstremizm tegirmoniga suv quymoqda", deyiladi Amerika prezidentining maqolasida.

Biroq ekstremizmni harbiy kuch bilan yengib bo‘lmaydi, deya urg‘ulagan Prezident Barak Obama.

Iroq va Suriyada katta hududni qo‘lga kiritgan "Islomiy Davlat" jangari guruhiga qarshi kurash yo‘lida AQSh koalitsiya barpo etdi.

Bu koalitsiyaga dunyoning 60 tacha mamlakati a‘zo bo‘lib kirgan.

Vashingtondagi anjumanga ham 60 dan ortiq mamlakat vakillari ham taklif etilganlar.

AQSh ma‘lumotlariga ko‘ra, Iroq va Suriyada "Islomiy Davlat" va boshqa jangari guruhlar safida jahonning 100 mamlakatidan qariyb 20 ming xorijiy jangari jang qilmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer