Prezident Poroshenko BMT tinchlikparvar kuchlarini joylashtirishni so‘radi

Image copyright Reuters

Prezident Pyotr Poroshenko Ukraina sharqida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini ta‘minlash maqsadida Birlashgan Millatlar tashkilotining tinchlikparvar kuchlari joylashtirilishini so‘ragan.

18 fevral tunida Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining favqulodda yig‘ilishi o‘tkazilgan.

Bu yig‘ilishda Prezident Poroshenko aytishicha, BMT tichlikni ta‘minlash kuchlari "tinchlik va‘dasi bajarilmayotgan sharoitda" xavfsizlikni kafolatlashga yordam beradi.

Janob Poroshenkoning so‘rovi xavfsizlik va mudofaa kengashi tomonidan ma‘qullangan.

"Bu masala muhokama qilindi va Ukrainada tinchlikni ta‘minlash va xavfsizlik amaliyotlarini yo‘lga qo‘yish maqsadida BMT va Ovro‘po Ittifoqiga murojaat qilish qarori qabul etildi", deb aytgan xavfsizlik kengashi kotibi Oleksandr Turchinov.

Rasmiy Kiyevning ushbu qarori Ukraina hukumat qo‘shinlari strategik muhim Debaltsevo shahrini tark etishi ortidan qabul qilindi.

Image copyright BBC World Service

18 fevral kuni oxirgi haftalarda qurshovda qolgan va qaqshatqich janglarga sahna bo‘lgan Debaltsevodan Ukraina armiyasi kuchlari olib chiqib ketildi.

Prezident Pyotr Poroshenko aytishicha, qariyb 2500 Ukraina askari Debaltsevoni tark etgan.

Ukraina prezidentiga ko‘ra, qo‘shinni olib chiqib ketish oldindan rejalangan bo‘lgan va so‘nggi janglarda olti Ukraina askari halok bo‘lgan, 100 dan ortig‘i yaralangan.

Bundan oldin Ukraina harbiylari Debaltsevo uchun kechgan so‘nggi uch kunlik janglarda 22 harbiy halok bo‘lganini xabar qilganlar.

Rossiyaparast bo‘lginchi isyonchilarga ko‘ra, bundan ko‘p Ukraina askari halok bo‘lgan.

Rasmiy Kiyev isyonchilarning bu xabarlarini rad etadi.

O‘tgan hafta Belarus poytaxti Minskdagi muzokaralar yakunida 15 fevraldan o‘t ochishni to‘xtatishga kelishilgan, biroq Debaltsevo uchun janglar to‘xtamagan. Rossiyaparast isyonchilarning Debaltsevo uchun janglarni to‘xtatmagani xalqaro miqyosda qoralandi, isyonchilar hamda Rossiyani otashkesim kelishuvini buzishda ayblamoqdalar.

Biroq Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov aytishicha, Debaltsevo uchun isyonchilarning janglari Minskdagi otashkesim bitimi buzilganini anglatmaydi, chunki kelishuv imzolangan paytda shahar isyonchilar nazoratida bo‘lgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer