Ichkilik muammosini faqat qonunlar bilan hal etish mumkinmi?

Image copyright Getty Images

O‘zbekiston parlamenti quyi palatasi "Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksiga ayrim o‘zgartirishlar kiritish"ni nazarda tutgan qonun loyihasini ko‘rib chiqqan.

Asosiy maqsad jamoat joylarida alkogol iste‘mol qilganlarga jarima miqdorini oshirish bilan uning zararini kamaytirish hamda ichkilik iste‘mol qilmaydigan fuqarolar huquqini himoya qilish ekani aytiladi.

Toshkentdan taniqli yozuvchi Nurulloh Muhammad Raufxon qonundan bexabar ekani, ammo ijobiy o‘zgarishlarga xizmat qilishiga umid qilishini aytadi.

"Bunaqa qonun chiqarilayotganidan bexabar ekanman. Har holda yaxshilikka xizmat qiladigan qonun bo‘lsa kerak..." deydi u.

Hozirgi kuzatuvlaringiz bo‘yicha O‘zbekistonda alkogol ichimliklar savdosi va iste‘moli ozayganmi va yo oshgan?

"Endi bu ko‘p sotilyaptimi, kam sotilyaptimi bu tomonlarini bilmayman. Lekin, oldingi qonunda alkogolni umumiy mahsulotlardan ayri holda sotish degan narsa bor edi. Keyin oziq-ovqatlardan ayri holda sotish uchun boshqa eshikdan kiradigan qilib, qaytadan qurish ishlari bo‘ldi. Ammo, masjidlardan, maktablardan kamida 500 metr uzoqda bo‘lishi kerak, degan gapiga rioya qilinayotganini ko‘rganim yo‘q. Chunki, o‘zimning yonimdagi do‘kon yonida aroq sotiladi. Maktabga 250 metr ham chiqmaydi. Undan ham yaqinroqda bir do‘kon qurildi, unda ham alkogol sotadigan bo‘limi bor", deydi Nurulloh Muhammad Raufxon.

Yozuvchiga ko‘ra, "Sho‘rolar davrida xalqning qoniga qaysidir ma‘noda singib ketgan" ushbu salbiy odatni faqat qonunlar bilan o‘rtadan ketkazish mushkul vazifa.

Uning aytishicha, buyruq va qonunlar chiqarish bilan bir qatorda ichkilikni "harom" deydigan din asosida targ‘ibot yo‘lga qo‘yilsa, ko‘proq samara bergan bo‘lardi.

"O‘zim bu qonunlarni sinchiklab o‘qimadimki, bu joyi bunday, mana bu joyi bo‘lmaydi yoki mana bu yeri yaxshi, deb ayta olsam... Ichkilikni hayotdan surib chiqaramiz degan harakat Sovetning oxirgi paytlari ham bo‘lgan. Qonun chiqdi, boshqa bo‘ldi... Bu qonun bilan, buyruq bilan bo‘ladigan narsa emas. Ular bilan ham muayyan natijaga erishiladi, lekin, menimcha, ichkilikni "harom" degan dinga quloq solish, doimiy tarbiya bilan vaziyatni o‘nglasa bo‘ladi", deydi Toshkentdan yozuvchi Nurulloh Muhammad Raufxon

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02