Moskvada Boris Nemtsov o‘ldirilgan

Image copyright epa

Moskvada 27 fevral kuni kechqurun muxolif siyosatchi Boris Nemtsov otib o‘ldirilgan.

Bu hodisa Kremldan uzoq bo‘lmagan Bolьshoy Kamennыy Most ustida soat 23.40da yuz bergan.

Interfaks axborot agentligining huquq-tartibot mulozimlariga tayanib xabar berishicha, noma‘lum shaxs Nemtsov janoblarini Moskva markazida to‘rt marta otgan.

Meduza yangiliklar internet nashriga ko‘ra, qotillik Kreml yaqinida ro‘y bergan.

Nashrning yozishicha, “bir necha odam” mashinadan tushgan va Nemtsovni otib tashlagan.

Politsiyaga ko‘ra, oq avtomobildagi noma‘lum kishilar Kremlga bir necha metr masofada bo‘lgan joyda Nemtsovga qarata o‘q uzganda u ayol hamrohi bilan sayrda bo‘lgan.

Nemtsov voqea joyida halok bo‘lgan. Sherigiga shikast yetmagan. Ayni paytda ukrainalik ekani aytilayotgan hamrohi so‘roq qilinmoqda.

Boris Nemtsov 55 yoshda edi.

U marhum prezident Yeltsin davrida Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

U o‘zi gubernator bo‘lgan yirik Nijniy Novgorod shahrida iqtisodiy islohotlari bilan nom chiqargan edi.

Yeltsinning merosxo‘ri, hozirgi prezident Putin bilan kelisholmay qolgan Nemtsov uning ashaddiy muxolifiga aylangan edi.

U Rossiya o‘ng kuchlari harakatining rahbarlaridan bo‘lib, Prezident Putinning joriy hukumatiga muxolifatda edi.

Nemtsov Ukrainaga qarshi urushga qarshi marshga chaqirig‘idan bir soat o‘tib o‘ldirilgan.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Nemtsovning o‘limini qoralagan va uni "aniq provakatsion xarakterda" deb aytgan. Prezident Putin qotillik tekshirilishini o‘z nazoratiga oldi, deb aytgan uning matbuot so‘zchisi.

Rossiya Kommunistik partiya rahbari Gennadiy Zyuganovning fikricha, "Nemtsov o‘limi Rossiyaga qarshi qaratilgan buzg‘unchilikdir".

Oldinroq Nemtsov o‘zining "Ukrainadagi urushga qarshi pozitsiyasi uchun" o‘ldirilishi mumkinligi haqida ham gapirgan.

G‘arb davlatlari rahbarlari Nemtsovning o‘limini qoralaganlar, Ovro‘po Kengashi bosh kotibi janob Yagland "Nemtsovning otib ketilishidan shokka tushgan"ini yozgan va qotillar topilishi kerakligini aytgan.

AQSh Prezidenti Barak Obama "shafqatsiz qotillik"ni qoralagan va Rossiya hukumatini "zudlikda, shaffof tekshirish" o‘tkazishga chaqirgan.

Bi-bi-sining Moskvadagi muxbiri Sara Raynsfordning Nemtsovning himoyachiga iqtibosan aytishicha, Nemtsov oxirgi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘lim tahdidlari olgan.

Nemtsov Moskvaning Ukrainaga nisbatan siyosati va Qrimning anneksiyani qattiq qoralagan. Putinni ochiq tanqid qilib kelgandi.

Ayni paytda muxolifatning 1 martdagi "Vesna" marshi o‘rniga Boris Nemtsov xotirasiga motam aktsiyasi o‘tkazish so‘roviga Moskva hokimiyati tomonidan ruxsat berilmagan.

Rasmiylarga ko‘ra, har qanday harakat o‘tkazish uchun kamida 10 kun oldin xabar berilishi lozim.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02