Kurdlar yetakchisi Abdulla O‘jalan Turkiyani tinchlikka chaqirgan

Image copyright Reuters

Turkiya qamoqxonasidagi Kurd isyonchilar rahbari Abdulla O‘jalan tomonlarni 30 yillik qurolli mojaroga chek qo‘yishga chaqirgan.

Televideniye orqali o‘qilgan murojaatda Abdulla O‘jalan demokratik qarorga erishish uchun tarixiy yechim izlayotganini aytgan.

U bahorda muddatidan tashqari qurultoy o‘tkazishga chaqirgan va unda qurolli qarshilikka barham berish murojaat etmoqchiligini bildirgan

Janubi-sharqiy Turkiyada Kurd yerlari uchun janglarda aksariyati kurdlardan iborat 40 mingdan ortiq inson halok bo‘lgan.

Janob O‘jalan Kurdiston Ishchilar Partiyasi rahbari, biroq 1999 yilda vatanga xiyonatda ayblanib umrbod qamalgan.

O‘jalan murojaatini Kurd siyosatchisi Sirri Onder Turkiya televideniyesi orqali o‘qib bergan.

"Biz 30 yillik mojaroga nuqta qo‘yish uchun harakatdamiz. Bizning asosiy maqsadimiz- demokratik qarorga erishishdir", deyiladi O‘jalan murojaatida.

Men qurolli mojaroga chek qo‘yish bo‘yicha strategik va tarixiy qarorga erishish uchun bahor oylarida Kurdiston Ishchilar Partiyasining navbatdan tashqari qurultoyini yig‘ishga chaqiraman".

"Bu qurolli kurashni demokratik siyosatga almashtirish umididagi tarixiy deklaratsiyadir".

Abdulla O‘jalon Kurd Ishchilar partiyasi qo‘mondon va askarlari orasida o‘z mavqeini saqlagan va tahlilchilar fikricha, uning qamoqdan turib qilgan murojaatlariga ko‘pincha quloq solinadi.

Tomonlar o‘rtasida ishonchsizlik davom etsada, 2013 yil janob O‘jalon o‘t ochishni to‘xtatish haqida e‘lon qilgan edi.

Turkiyaning Kurdiston Ishchilar Partiyasi PKK bilan kelishmovchiligi uzoq yillik tarixga ega, qurolli to‘qnashuvlar ayniqsa o‘tgan yili avjiga chiqqan.

2012 yil dekabr oyida Turkiya hukumati PKKning 1999 yili qamoqqa tashlangan rahbari Abdulla O‘jalan bilan muzokaralar boshlashini ma‘lum qilgan edi.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02