Taniqli suxandon Rahmatilla Mirzayev o‘ldirib ketilgan

Toshkentdan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston televideniyesining diktori Rahmatilla Mirzayev yakshanba tunida noma‘lum shaxslar tomonidan o‘ldirib ketilgan.

Qotillik tafsilotlari hozircha ma‘lum emas. Biroq qotillikda gumonlangan shaxs qo‘lga olingani aytilmoqda.

Rahmatilla Mirzayev uzoq yillar O‘zbekiston telekanalining "Axborot" dasturida, qator musiqiy ko‘rsatuvlar va kontsertlarga boshlovchilik qilgan.

Xabarlarga qaraganda, marhum diktor ko‘p qo‘shiqchilar bilan birga ishlagan, oxirgi paytlarda uni ko‘proq to‘y va turli tadbirlarda ko‘rishgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Rahmatilla Mirzayevning hamkasblari, u bilan birga hamkorlik qilgan san‘atkorlar uni yaxshi inson, o‘z kasbining ustasi sifatida xotirlashmoqda.

Rahmatilla Mirzayev 60 yoshda bo‘lgan.

Bi-bi-sining shou biznesiga aloqador toshkentlik manbalaridan birining mikrofonsiz so‘zlab berishicha, kecha kechqurun Rahmatilla Mirzayevga uyida uch marta pichoq urilgani haqida ma‘lumotlar bor. Toshkentlik manbaga ko‘ra, qotillikda gumonlanib Raxmatilla Mirzayevning 23 yashar o‘g‘lining tanishi qo‘lga olingan. Aytilishicha, qo‘lga olingan paytda uning qo‘llari qon bo‘lgani, shkafning ichida yashirinib o‘tirganida ushlangani haqida xabarlar tarqalgan Toshkentda. Ayni paytda surishtiruv ishlari olib borilayotgani, qo‘lga olingan qotillikda gumonlanuvchi va marhumning o‘g‘li so‘roq qilinayotgani aytiladi. Ma‘lumotlarga ko‘ra, Raxmatilla Mirzayevni kecha kechqurun G‘ulomjon Yoqubovning yubiley kontsertida ko‘rishgan. Kayfiyati yaxshi bo‘lgan, hech bir ortiqcha holatlar sezilmagan. Qotillik kontsertdan qaytib borganda sodir etilgan bo‘lishi mumkin.

Raxmatilla Mirzayev axborot dasturlaridan tashqari musiqiy ko‘rsatuvlarni olib borgan, kontsertlarga boshlovchilik qilgan. Uning ikkinchi turmush o‘rtog‘i qo‘shiqchi A‘lo Rahimova bo‘lgan. Rahmatilla Mirzayev unga uylangandan so‘ng qo‘shiq aytishini taqiqlab qo‘ygani haqida ham aytiladi. Lekin biz bilan gaplashgan shou biznes vakiliga ko‘ra, marhumning san‘atkorlar bilan katta muammolari bo‘lmagan. Agar muhokamali ishlarga aralashib qolganida bunday gaplar bu soha ichida tez tarqaladi,-deydi u.

Rahmatilla Mirzayevning birinchi ayoli televideniyeda tarjimon bo‘lib ishlagan, uning qizi ham televideniyeda boshlovchilik qilib kelgan.

Davr axborot dasturida ishlagan jurnalist Saodat Omonova Rahmatilla Mirzayevni o‘z ishining ustasi, dadil, jasoratli inson sifatida ta‘rifladi.

Rahmatilla Mirzayev "Axborot" dasturini olib borayotganda, Prezident Karimovning farmonini shoshilinch o‘qish talab qilinganda, rozi bo‘lmagan. Oqibatda u ishdan bo‘shatilgan, ma‘lum vaqtdan so‘ng ishiga yana qaytib tiklangan.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02