Orolni kim o‘ldirdi?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Sun‘iy yo‘ldoshdan olingan so‘nggi suratlar Orol dengizining 90% yuzasi butkul qurib, ulkan sahroga aylanganini ko‘rsatadi.

Endi mintaqadagi Qizilqum va Qoraqum yonida yana bir sahro - Orolqum paydo bo‘ldi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi Orolqum oddiy sahro emas, u - paxtazorlardan chiqqan zaharli pestitsidlar hamda o‘g‘itlarga boy sahro.

Dunyoning quruqlikdagi to‘rtinchi ulkan dengizi qurib, uning o‘rnida paydo bo‘lgan sahroni bugun shoirona tilda "Er sayyorasi yuzidagi zaharli jarohatning tuzalmas chandig‘i", deb atashadi.

Sovetlar O‘zbekistonni "oq oltin" va "milliy boylik" deb atalgan, aslida, o‘zbekning fojeasi bo‘lgan paxta maydoniga aylantirdilar.

Suvtalab paxta uchun Amu va Sir suvlari burildi. Shu taxlit, odamzod o‘z qo‘li bilan o‘z tarixidagi eng yirik ekologik fojeasini yaratdi.

Ayrim mutaxassislarga ko‘ra, Orol qurishida avvalo Sovet paxta siyosati va keyinroq ana shu paxta siyosatining davom ettirilishi sababchidir.

Qozog‘iston so‘nggi yillari o‘z hududidagi mo‘‘jazgina ko‘l - Kichik Orolni qutqarmoqda. Lekin bu asil Orolning bor-yo‘g‘i 5% degan gap.

Ayrim mutaxassislarga ko‘ra, O‘zbekiston, aksincha, paxta va qurigan dengiz tubidan topilgan boyliklar bois Orolni saqlab qolish yo‘lida yetarli harakat qilmagan.

Lekin O‘zbekiston tomonidagi dengiz shunchalik ulkanki, uni qutqarish u yoqda tursin, hatto mavjud ekotizimni saqlab qolish va insonlar hayotini biroz izga solish uchun kamida 8 milliard dollar mablag‘ kerak.

O‘zbekning yo‘qolgan Katta Oroli Qozog‘istondagi Kichik Oroldan qariyb yigirma marotaba katta va uni qutqarish oson ish emas.

BBC O‘zbek Xizmati xodimi Rustam Qobil Jahon xizmati bilan birgalikda "Dengizini yo‘qotgan xalq" nomli maxsus multimedia loyihasini tayyorlagan.

Ayni loyiha doirasida tayyorlangan ilk videolavhani tomosha qiling.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Muallif va muxbir: Rustam Qobil.

Teleprodyuser: Eliz Uiker.

Radioprodyuser: Neyl Trivitik.

Tasvirchilar: Tomas Hannen va Charli Nyuland.

Tadqiqotchi: Shodiyor Sayf.

Lavhada Qozog‘iston Davlat Arxivi tasvirlaridan foydalanilgan.