"AC Milan"ning sobiq olmon o‘yinchisi Qozog‘istonni namoyon etmoqchi

Image copyright goal.com

Olmon futbolchisi Aleksandr Merkelning qaroridan Qozog‘iston milliy terma jamoasi sardori va Bosh murabbiysining og‘zi qulog‘ida.

Sardor Samat Smakovning aytishicha, bu - milliy terma jamoa uchun foyda bo‘ladi.

Bosh murabbiy Yuriy Krasnojanga ko‘ra esa, olmon o‘yinchisi o‘zlarining eng oqsoq nuqtalari - yarim himoyada qo‘l keladi.

23 yoshli Aleksandr Merkel joriy paytda Shveytsariyaning "Grassxopper" (Grasshoppers Zurich) klubida to‘p suradi.

Ta‘kidlash joiz, Aleksandr Qozog‘iston sharqidagi Pervomayskiy posyolkasida tug‘ilgan. Ammo otasi ham, onasi ham olmon.

Hali bola ekan, oilasi bilan Qozog‘istondan Olmoniyaga ham ko‘chib o‘tgan.

Shundan so‘ng, Olmoniya Bundesligasidagi "Shtutgart" (VFB Stuttgart) kabi ayrim nomdor klublar yoshlar jamoasida to‘p surgan.

Lekin, kelajagi porloq deb ko‘rilganiga qaramay, katta yoshdagi jamoa safiga olinmagan.

Image copyright AFP

Bularning barchasiga qaramay, 18 yoshda ekan, Italiyaning eng kuchli ikkita jamoasidan bittasi sanaluvchi "AS Milan"ning ko‘z ostiga tushgan.

Ammo Italiya tomoni bilan imzolagan shartnomasida ko‘zda tutilgan shartlarga muvofiq, "AS Milan"dan tashqari, yana ikkita italyan klubida ham o‘ynashga ulgurgan.

Keyin esa, Italiya bilan xayrlashib, o‘z qadamini futbolning vatani sanalmish Angliyaga qo‘ygan.

Angliyada o‘z vaqtida taniqli qo‘shiqchi Elton Jon egalik qilgan "Uotford"(Watford) klubi sha‘nini himoya qilgan.

Joriy paytda Aleksandrni ijaraga olgan "Grasshoppers Zurich" ham hozir birinchi ligaga tushib qolgan esa-da, o‘z vaqtida Shveytsariyaning eng omadli klublaridan biri bo‘lgan.

Rus tilida ham o‘z ona tilidek so‘zlashuvchi olmon futbolchisining aytishicha esa, Qozog‘istonga qaytib, o‘zining xalqaro maydonda nimalarga qodirligini ko‘rsatib qo‘ymoqchi.

Buning uchun Aleksandr Merkelni uzoq kutishiga hojat ham bo‘lmasligi mumkin.

Chunki Qozog‘iston milliy terma jamoasi 28 mart kuni Ovro‘po Chempionlar ligasi guruh bosqich saralash bellashuvlarida maydonga tushadi.

Shunday ekan, Aleksandr Merkelning Octonada bo‘lib o‘tajak o‘yindan bir chetda qolmasligi ehtimoli katta.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02