Prezident saylovi: Nazarboyev nima qilmoqchi?

Image copyright Reuters

Qozog‘iston rahbari Nursulton Nazarboyev muddatidan oldin o‘tadigan prezidentlik saylovlariga nomzodi qo‘yish borasida bir qarorga kelmaganini bildirgan.

75 ni qarshilayotgan Nazarboyev rejalari boshqa ekanligini va balkim Qozog‘istonda dekoratsiyalarni almashtirish vaqti kelgani borasida gapirgan.

Prezidentlik saylovlarida 10 kishi nomzod sifatida ishtirok etishini ma‘lum qilgan.

8 mart - Xalqaro Xotin-qizlar kuni munosabati bilan uyushtirilgan tadbirda chiqish qilgan Nursulton Nazarboyev bo‘lib o‘tadigan saylovlarda ishtirok etish borasida shubhalanayotganini aytgan.

"Hozir saylov kampaniyasi boshlandi. Bu to‘g‘risidagi g‘oyani asosan ayollar dastaklashdi. Mendan nomzodimni oldinga surishni so‘rab yozilgan minglab maktub olayapman. Ochig‘ini aytsam, shaxsiy rejalarim boshqacha edi. Men Qozog‘istonni boshqaryapman, balki dekoratsiyani almashtirish vaqti kelgandir", - degan Nursulton Nazarboyev.

Nazarboyev bir vaqtlar Singapurni boshqargan Li Kuan Yudan nima uchun iste‘fo bergani haqida so‘raganini aytgan.

Singapur rahbari Qozog‘iston prezidentiga davlatni 31 yil boshqarganini, ammo so‘nggi vaqtlarda o‘zini televizor orqali ko‘rganda, o‘ziga o‘zi yoqmay qolganini bildirgan.

Nursulton Nazarboyev hamkasbiga, balki televizor buzib ko‘rsatayotgandir, deb javob berganini aytgan.

Qozog‘iston prezidenti zalda yig‘ilgan ayollarga qarata, "bugun menda bu borada siz bilan maslahatlashib olish imkoniyati bor", degan.

Qozog‘iston Xalqi Assembleyasi mamlakatda muddatidan oldin saylov o‘tkazish taklifini ko‘tarib chiqdi.

Ushbu taklif parlamentda ham qo‘llab-quvvatlandi. Prezidentning o‘zi ham muddatidan oldin saylov o‘tkazishni dastakladi.

Prezidentlik saylovlari 26 aprelga mo‘ljallangan. Shu vaqtgacha 10 kishi nomzod sifatida ishtirok etishini ma‘lum qilgan.

Nomzodlar qozoq tilidan imtihon topshirishi, badal puli to‘lashi va imzo to‘plashi kerak bo‘ladi.

Chorak asrdan beri Qozog‘istonni boshqarayotgan Nursulton Nazarboyevning nomzodi 11 mart kuni bo‘lib o‘tadigan "Nur Otan" partiyasining qurultoyida ilgari surilishi mumkin.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02