BBC mehmoni - taniqli raqqosa San‘at Mahmudova

BBC mehmoni - o‘zbek raqs san‘atini G‘arbda targ‘ib qilayotgan raqqosa San‘at Mahmudova.

San‘at Mahmudova Toshkentda san‘at shinavandalari oilasida tug‘ilib o‘sib, poytaxtdagi Milliy raqs va xoreografiya oliy bilim yurtida ta‘lim olgan.

To‘rt yillik ta‘limi ortidan u O‘zbekistondagi Muhiddin Qoriyoqubov nomidagi akademik va xalq badiiy jamoalar direktsiyasi qoshidagi "Shodlik" raqs ansambli, so‘ngra "O‘zbekiston" raqs ansamblida faoliyat yuritgan.

1994 va 2002 yillar o‘rtasidagi faoliyati va yakkaxon raqqosa bo‘lib tanilishi ortidan uning nomzodligi bir qancha mukofotlar, xususan "Nihol" mukofoti va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvonlariga ilgari surilgan.

San‘at Mahmudova so‘ngra Britaniyadagi Salford Universitetida uch yil o‘qib, jismoniy teatr va raqs mutaxassisligi bo‘yicha bakalavr diplomini oldi.

Bugunda Mahmudova xonim Manchester shahrida o‘z sharqona raqslar maktabi va 60dan ziyod o‘quvchilariga egadir.

U o‘zining mumtoz va yangi sahnalashtirgan raqslarini AQSh, Yaponiya, Frantsiya, Gollandiya, Yunoniston, Olmoniya, Malayziya va Britaniyaning ko‘plab shaharlarida ijro etib keladi.

Mehmonimiz shu kunlarda o‘zbekistonlik boshqa san‘atkorlar, jumladan mashhur doira ustasi Abbos Qosimov, aktyor va raqqos Rashid Shadat, qo‘shiqchi Sardor Mirzaxo‘jayevlar bilan katta kontsert dasturini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Kontsert 18 aprelda avvalo Manchesterdagi muxlislarga, 24 aprelda esa Londonda taqdim etiladi.

Mahmudova xonim o‘zining jozibali chiqishlari bilan Britaniya shimolidagi matbuotda "Yorkshir grafligi durdonasi" nomini olgan.

San‘at Mahmudova O‘zbekistondagi ta‘limi va tajribasi uchun behad minnatdor, biroq ayol sifatida ijod qilish uning uchun G‘arbda ancha osonroq ekanini aytadi.

Mehmonimizga savol yo‘llamoqchi bo‘lsangiz, matn ostidagi bog‘lanish formasini to‘ldiring, yoki Facebookdagi sahifamizda o‘z savollaringizni yozib qoldiring.

San‘at Mahmudova bilan suhbatni juma kuni tinglashingiz mumkin.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer