Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladimi?

Image copyright AFP

Nima uchun Hindiston hukumati BBC tomonidan ishlangan hujjatli film namoyishini taqiqladi?

Hozirda mamlakat rahbarlari bu savolni o‘zlariga qayta-qayta berishlari kerakdir.

Agarda ular odamlarni ushbu filmdan xabar topishlarining oldini olmoqchi esalar, buning naqd aksi ro‘y berdi.

"Hindiston qizi" filmiga taqiq joriy etilgan o‘tgan seshanba kunidan beri har bir yangilik nashrining bosh sahifasi ushbu film haqidagi maqola bilan ochilmoqda.

Ijtimoiy sahifalarda ushbu film eng ko‘p tilga olinayotgan mavzu va televideniyedagi bahslarda ishtirokchilar filmdagi mavzuni bot-bot bir-birlariga barmoq o‘qtab, hissiyotlarga berilib, muhokama qilmoqdalar.

Filmning Hindistonda taqiqlanishiga siyosiy sabab bor. Qizni zo‘rlab, o‘ldirishda aybdor, deya topilgan mahbuslardan biri bilan suhbatga ruxsatni avvalgi hukumat bergan. Hozirda iqtidorda bo‘lgan BJP partiyasi o‘zini bu masaladan o‘zoqlashtirishga harakat qildi.

Ichki Ishlar vaziri Rajnat Sing esa mahbusning so‘zlaridan butun millat "uyatga botganligi"ni aytdi.

Dastlab filmni taqiqlash qarori ko‘plab dastakka ega bo‘lgandi.

Avval hatto feminist faollar ham "zo‘rlovchilarga matbuotda minbar berilmasligi kerak" deya aytib chiqishdi.

Lekin o‘shandan beri matbuotda "taqiq o‘rinsiz edi", degan fikr keng tarqaldi.

Film taqiqi uchun keltirilgan sabablar savol ostiga olinmoqda.

Dehlidagi avtobusda talaba qizni vahshiylarcha zo‘rlab, o‘ldirishda ayblangan mahbusning intervyusi omma tartibsizligini keltirib chiqarishi mumkin, degan xavotir yangragandi.

Mahbus Mukesh Sing tomonidan izhor etilgan fikrlar albatta jirkanch. U qilmishidan afsusda ekanligi izhor etmaydi, aksincha, zo‘rlangan qiz hujum qilishga intilib, o‘z o‘limiga sabab, bo‘ldi, degan ma‘noda gapiradi.

Film ijodkorlari qamoqxonada suratga tushirishga tegishli ruxsatga ega bo‘lganlarmi, yo‘qmi degan savollar ham o‘rtaga tashlandi.

Boshqa tomondan hozirda mahkamaning o‘lim jazosi borasidagi qarori Oliy Mahkama tomonidan ko‘rib chiqilayotgan ekan, filmning namoyish etilishi ushbu jarayonga ta‘sir ko‘rsatishi mumkinligi ham aytildi.

Bu fikrni Hindiston Muharrirlar Kengashi rad etdi. Kengashga ko‘ra, mahbusning "jirkanch fikrlari"ning namoyish etish adliya tizimiga ta‘sir ko‘rsata olishi haqida gapirish, ushbu tizimga nisbatan haqoratdir.

Hullas, Hindiston hukumati o‘zining "noqulay" taqiqini himoya qilishga majbur bo‘lmoqda.

Rasmiylarga ko‘ra, filmning taqiqlanishi Hindistonning jahondagi obro‘sini saqlab qolishga qaratilgandi.

Lekin hozirda jahon bo‘ylab matbuotlarda nashr qilinayotgan maqolalar sarlavhalarini o‘qib, filmda ko‘tarilgan muammolar haqida ochiq va oshkor muhokama o‘rniga "Hindiston qizi" filmining taqiqlanishi mamlakat obro‘siga kattagina zarar yetkazganligiga guvoh bo‘lmoqdalar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer