Nursulton Nazarboyev nomzodi prezidentlikka ilgari surilishiga rozi

Image copyright BBC World Service

Qozog‘istondagi Prezident Nursulton Nazarboyevning "Nur Otan" partiyasi qurultoyida mamlakatni 1989 yildan buyon boshqarib kelayotgan janob Nazarboyev 26 apreldagi prezidentlik sayloviga o‘zining nomzodi ilgari surilishiga rozilik berganini e‘lon qilgan.

11 mart kuni Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida qudratdagi partiyaning 16-qurultoyi bo‘lib o‘tgan.

Bu qurultoyda janob Nazarboyev o‘z firqasi va Qozog‘iston xalqining istak-xohishiga peshvoz chiqishga qaror qilganini bildirgan.

"Biz oldinga harakat qilishimiz kerak. Shuning uchun, men nomzodim ilgari surilishiga rozilik bersam kerak. Bu bizning oldimizda turgan yangi, murakkab vazifalarni hal qilish uchun", deb aytgan Prezident Nursulton Nazarboyev.

Qozog‘istonda so‘nggi prezidentlik saylovi 2011 yil aprelida o‘tkazilgan va bu saylovda janob Nazarboyevning g‘alaba qozongani e‘lon qilingan.

Mamlakatda keyingi prezidentlik saylovi 2016 yilda bo‘lib o‘tishi kerak edi.

Biroq Qozog‘iston Xalqlari assambleyasi muddatidan oldin prezidentlik saylovini o‘tkazish g‘oyasini ilgari surdi.

Buning sababi, Prezident Nazarboyev aytgan "iqtisodiy inqiroz kuchayib borayotgani" va "geosiyosiy qarama-qarshiliklar ortib borayotgani" bo‘lgan.

Bunda Qozog‘iston prezidenti Ukraina inqirozini nazarda tutgan.

Qozog‘istondagi navbatdagi muddatidan oldingi prezidentlik saylovi 26 aprel kuni bo‘lib o‘tishi xabar qilindi.

8 Mart kuni janob Nazarboyev saylovga o‘z nomzodini qo‘yish borasida bir qarorga kelmaganman, deb aytgan.

75 yoshni qarshilayotgan Nursulton Nazarboyev rejalari boshqa ekanligini aytgan, "balki Qozog‘istonda dekoratsiyalarni almashtirish vaqti kelgandir", degan.

Prezidentlik saylovlarida 15 kishi nomzod sifatida ishtirok etishini ma‘lum qilgan.

Janob Nazarboyev referendum, muddatidan oldingi saylovlar bilan hokimiyatini uzaytirib keladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02