Rossiyadan pul kamaysa, Markaziy Osiyo davlatlariga nima bo‘ladi?

So‘nggi ma‘lumotlarga ko‘ra, o‘tgan bir yil ichida markaziy osiyolik mehnat muhojirlari ortga yuborayotgan pulning hajmi anchagina kamaygan.

Ayrim G‘arb matbuotining yozishicha, Rossiya rublining inqirozi iqtisodi shu kabi fuqarolarining milliardlab dollar mablag‘lariga qarab qolgan to‘qqiz sobiq Sho‘ro davlatiga jiddiy tahdid soladi.

Yaqinda Britaniyaning nufuzli “Gardian” nashrida chop etilgan maqolada yangragan fikrlarga tayanilsa, jahon bozorida neftь qiymati tushish va rubl qadrsizlanishda davom etaversa, mehnat muhojirlari ortga qaytishni boshlashadi. Bu esa, yaqin yillarda ichida bu kabi davlatlarda ijtimoiy portlashga sabab bo‘lishi mumkin.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, rasmiy Kremlning Ukraina inqirozida tutgan o‘rni sabab, G‘arb tomonidan Rossiyaga kiritilgan ustma-ust iqtisodiy jazo choralari va jahon neftь bozoridagi arzonchilik shu yaqin oylar ichida rublning AQSh dollari va yevroga nisbatan ketma-ket rekord darajada qadrsizlanishiga sabab bo‘lgan.

Britan nashri xuddi shu o‘rinda fergana.ru axborot agentligi rahbari Daniil Kislovning, “Rossiyada 2.4 million o‘zbekistonlik mehnat muhojirining borligi aytiladi. Shunda ham, bu – faqat rasman keltirilayotgan raqamlar. Buncha odamning o‘zi va oilasining tirikchiligi ular Rossiyada ishlab topayotgan pul orqasidan o‘tadi. O‘zbekiston va Tojikistonni, aslida, Rossiya inqilobdan asrab qoldi. Agar ana shu odamlarning hammasi ortga qaytgudek bo‘lishsa, bu – ijtimoiy portlashga sabab bo‘lishi mumkin. Balki, hozirning o‘zida emasdir, ammo bir, ikki yoki besh yili ichida shunday bo‘lishi ehtimoli yo‘q emas”, - degan so‘zlaridan iqtibos keltiradi.

Agar, maqolada tilga olib o‘tilgan Jahon Bankining ma‘lumotlariga tayanilsa, hozir Armaniston iqtisodi (21%), Gurjistonniki(12%), Qirg‘izistonniki (31.5%), Moldovaniki (25%), Tojikistonniki (42%), Ukrainaniki (5.5%), Litvaniki (4.5%), Ozarbayjonniki (2.5%) va O‘zbekistonniki (12%) ga mehnat muhojirlari chetdan yuborayotgan pulga qaram.

“Gardian”ning mazkur ma‘lumotlardan xulosa qilishicha, bu ko‘rsatkichlardan ayrimlarini, hatto, butun dunyoda ham eng yuqorisi, deb aytsa bo‘ladi. Ya‘ni, Yillik Yalpi Ichki Mahsulot Ishlab Chiqarish ko‘lami mehnat muhojirlarining daromadlariga eng ko‘p qarab qolgan jahondagi beshta davlatning uchtasi sobiq Sho‘ro Respublikalari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Maqolada yozilishicha, Rossiya rublining keskin arzonlab ketishi allaqachon Turkmanistonda manatning qadrsizlanishiga sabab bo‘lib ulgurgan. Qozog‘iston tangasining ham dollarga nisbatan o‘z qiymatini yanada yo‘qotishiga oid gap-so‘zlar yo‘q emas.

“Mintaqa davlatlarining iqtisodi bir-biriga juda bog‘liq. Deylik, Belarus chetga chiqarayotgan mahsulotlarining yarmidan ko‘prog‘i Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, Rossiya, Belarus va Qozog‘iston Ovro‘osiyo Iqtisodiy Ittifoqi ostida yagona blokka birlashishgan. Bunga qo‘shimcha, Armaniston va Qirg‘iziston ham. Rublning qadrsizlanishiga qo‘shimcha, bu davlatlar endi mehnat muhojirlari orqasidan kelayotgan ulkan daromadlarning keskin qisqarishi ehtimoliga ham tayyor bo‘lishlari kerak. Bu esa, ularning YaIP siga ta‘sir etmay qolmaydi”, - deydi “Gardian”.

Agar, Jahon Bankining o‘tgan yil yakunida e‘lon qilgan ma‘lumotlariga tayanilsa, bu to‘qqiz sobiq Sho‘ro davlatilik mehnat muhojirlarining yillik daromadlari 33.3 milliard AQSh dollarining tashkil qilgan. Shuning yarmidan ko‘pi Rossiyadan yuborilayotgan mablag‘lar hisobiga to‘g‘ri kelgan.

Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston esa, yuqorida tilga olib o‘tilgan to‘qqiz sobiq Sho‘ro Respublikasi orasidan mavjud xavfdan eng ko‘p ziyon ko‘rishi mumkin bo‘lgan davlatlar sifatida tilga olingan.

Image copyright Reuters

“Agar, O‘zbekistonni oladigan bo‘lsak, Islom Karimov Rossiyaga ishlash uchun borgan mehnat muhojirlarini “yalqovlar”, deb atagan va o‘z yurtlarida ish topishlari lozimligini aytgandi. Ammo real voqe‘likka nazar tashlansa, O‘zbekistonda ish tiqilib yotgani yo‘q. Oyiga 100 AQSh dollari yaxshi maosh sanaladi. Mamlakatning aksariyat shaharlarida ishning o‘zi yo‘q. Mintaqaviy ekspertlarga ko‘ra, agar, mehnat muhojirlari yuborayotgan pullar to‘xtaydigan bo‘lsa, Karimovga o‘xshash rahbarlar jiddiy muammoga yuz tutishlari mumkin”.

Britan nashriga ko‘ra, birgina futbol bo‘yicha 2018 yilgi Jahon chempionati mezboni ekanining o‘zi nazarda tutilsa, mavjud vaziyatdan Rossiya ham jabr ko‘rmay qolmaydi. Chunki birinchilik uchun lozim bo‘lgan inshootlarni barpo etishda ularga mehnat muhojirlarining ko‘magi lozim bo‘ladi.

Xuddi shu manzarada Moskvadagi CONTACT pul o‘tkazish tizimi tahliliy markazi kuni-kecha e‘lon qilgan ma‘lumotlarga ishonilsa, o‘tgan bir yilda Rossiyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 10 %, qo‘shni Tojikistonga esa, 6 kamaygan.

Agar, mintaqaviy ekspertlarning xulosalariga tayanilsa, mavjud holatga Rossiya rublining qadrsizlanishidan tashqari, noqonuniy mehnat muhojirlariga qarshi ko‘rilayotgan keskin choralar ham sabab bo‘lmoqda. Ular katta sonda Rossiyadan chiqarib ham yuborilmoqda.

Ayrim xabarlarda bu yil Rossiyada mehnat muhojirlari sonining qariyb 10 foizga kamayishi va bu Rossiyadan yuborilayotgan pul o‘tkazmalari hajmiga ham yaxshigina ta‘sir qilishi mumkinligi aytiladi.

Ammo mavjud holatga oid aniq raqamlarning shu oy oxirida Rossiya Markaziy Banki tomonidan e‘lon qilinishi kutilmoqda.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq