Rossiyada avtohalokat natijasida 15 o‘zbekistonlik muhojir halok bo‘ldi

Rossiyaning Bryansk viloyatida Mercedes-Benz mikroavtobusining to‘qnashuvi natijasida 15 O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan. Yana besh kishi jarohat olgan. O‘zbekistonlik mehnat muhojirlari pasportlariga kirdi-chiqdi muhrini urdirish uchun Ukraina chegarasiga borgani aytilmoqda.

Bu haqda TASS axborot agentligi politsiyaga tayanib xabar berdi.

Hodisa 16 mart kuni tunda ro‘y bergan. Haydovchi bilan 19 kishini tashkil qilgan Mercedes-Benz mikroavtobusi yo‘lovchilari bilan qarama qarshi yo‘lga chiqib ketadi.

"Haydovchi uxlab qolgan bo‘lishi yoki boshqa sabab bo‘lishi ham mumkin", - degan mintaqaviy Ichki ishlar boshqarmasi vakili Sergey Korolev jurnalistlarga.

Qarama qarshi yo‘lga chiqib ketish natijasida Renault tirkamali yuk avtomobli bilan to‘qnashadi. To‘qnashuv oqibatida mikroavtobus haydovchisi bilan birga 14 yo‘lovchi halok bo‘lgan va 5 kishi shifoxonaga yotqizilgan.

Ikki o‘zbekistonlikning turli jarohatlar bilan jonlantirish bo‘limida yotgani ma‘lum qilinmoqda. Ularning hayoti xavf ostida, deyilmoqda.

O‘zbekistonlik yana bir erkak va ayol travmatologiya bo‘limiga yelka va boldir qismi singan holda yotqizilgan.

Yuk mashina haydovchisi Ukraina fuqarosi bosh qismi lat yegan degan tashxis bilan yotqizilgan.

Halokat Bryansk-Novozibkov trassasining 65 km masofasida Pervomaysk qishlog‘ida ro‘y bergan.

Mercedes-Benz mikroavtobusidagilarning hammasi O‘zbekistonlik mehnat muhojirlari ekanligi aytilmoqda.

Mehnat muhojirlari Moskvada ishlayotgan bo‘lgan.

Ular Rossiyada yashash qonunlarini buzmaslik uchun o‘zlariga yaqin bo‘lgan Ukraina-Rossiya chegara o‘tish nuqtasiga kirdi-chiqdi muhrini urdirish uchun kelgan bo‘lgan.

Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasida viza aloqalari yo‘q, biroq fuqarolar ushbu davlatlarda 3 oygacha ro‘yxatdan o‘tgan holda yashashlari mumkin.

Ishlash huquqi borlar esa, ruxsat muddati tugaguncha mamlakatda qolishlari mumkin.

Belgilangan muddat tugagach fuqarolar mamlakatni tark etishlari va qaytadan kirishlariga to‘g‘ri keladi.

Rossiyada mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar o‘zlari ishlab turgan yerga yaqinroq bo‘lgan chegara o‘tish nuqtasiga borib ushbu jarayonni amalga oshirib keladi.

Mehnat muhojirlari Qozog‘iston, Ukraina va Belarus davlatlariga bir muddatga chiqib, qaytadan Rossiyaga kiradi. Ularning pasportiga mamlakatdan chiqdi va kirdi degan muhr bosiladi.

Rossiyada rublning keskin qadrsizlanishi ortidan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining oqimi kamaygani aytiladi.

Biroq shunday bo‘lsa ham Rossiyada turli sohalarda millionlab o‘zbekistonliklar tirikchilik o‘tkazish uchun mehnat qilmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02