Saudiylar "atomsiz" mavqeidan voz kechishlarini aytishmoqda

Saudiy qirollik oilasining nufuzli a‘zosi BBC bilan intervyuda ogohlantirishicha, Eronning yadroviy dasturi borasida erishilgan kelishuv boshqa davlatlarni yadroviy yoqilg‘ini ishlab chiqarishni boshlashga undashi mumkin.

Shahzoda Turki Faysalning so‘zlariga ko‘ra, agar G‘arb Eronga yadroviy dasturinini rivojlantirishga ruxsat bersa, unda Saudiya Arabistoni va Yaqin Sharqdagi boshqa mamlakatlar ham shunday huquqqa ega bo‘lishga harakat qiladilar.

Ayni damda olti vositachi davlat - AQSh, Frantsiya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Xitoy va Olmoniya Eronning yadroviy dasturi rivojlanishini cheklovchi, ammo butunlay to‘xtatmaydigan kelishuv borasida rasmiy Tehron bilan muzokaralarini davom ettirishmoqda.

Saudiy yadroviy dasturi

Turki Faysal qirolning kenja o‘g‘li va Saudiya Arabistoni maxfiy xizmatlarining sobiq rahbaridir. U hozirda saudiy hukumatining norasmiy elchisi hisoblanadi.

Xalqaro oltilik Tehronning yadroviy dasturi faqat tinch maqsadlar bilan cheklanishini aytmoqda.

Bu kelishuvlarning tanqidchilari esa Eron butunlay yadroviy dasturdan voz kechishi kerakligi, aks holda mintaqadagi Saudiya Arabistoni bilan raqobat manzarasida qurol poygasi kelib chiqishi mumkinligini aytishmoqda.

"Men har doim aytib kelganman, bu muzokaralar nima bilan yakun topmasin, biz ham huddi shu narsani talab qilamiz. Shunday ekan, agar Eron uranni qaysidir darajagacha boyitishga ruxsat olsa, Saudiya Arabistoni ham bunday ruxsatnomaga harakat qiladi, va nafaqat Saudiya Arabistoni", - dedi shahzoda.

O‘tgan hafta Saudiya Arabistoni yadroviy texnologiyalar sohasida Janubiy Koreya bilan hamkorlik bitimiga imzo chekdi. Bu hamkorlik qirollikda ikki yadroviy reaktorlarning qurilishi borasidagi rejani ham o‘z ichiga oladi.

Undan tashqari, Ar-Riyod yadroviy hamkorlik bo‘yicha allaqachon Xitoy, Frantsiya va Argentina bilan bitimlar imzolagan va kelgusi 20 yil ichida Saudiya Arabistonida 16ta yadroviy reaktorlar qurilishi mo‘ljallangan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02