Birmada "Buddani tahqirlagan" uch kishi qamaldi

Image copyright AP
Image caption Plakat buddaviylarning g‘azabnok chiqishlariga sabab bo‘lgan

Birma mahkamasi Buddani quloqchin bilan tasvirlagan plakat yuzasidan uch kishini mahkum etgan.

Bir yangi zelandiyalik va ikki nafar birmalik dinni tahqirlashda aybdor deb topilganlar.

Plakatdan maqsad sharobxo‘rlik kechasini reklama qilish bo‘lgani aytiladi.

Birma poytaxti Yangondagi VGastro Bar boshqaruvchisi bo‘lgan Filip Blekvud va uning birmalik hamkasblari Tun Tureyn va Xtut Ko Ko Lvin o‘tgan yil dekabrida hibsga olingandi.

Ularning har biri ikki yarim yildan qamoq jazolariga mahkum etilgan.

Birmada har qanday dinni tahqirlash yoki unga ziyon yetkazish jinoiy harakat sanaladi.

Facebook da chop etilgan va Buddani turfa xil ranglarda tasvirlagan plakat internetda g‘azabnok munosabatlarni uyg‘otgan.

Ayblanuvchilarning barchasi mahkamada dinni tahqirlaganliklarini rad etishgan.

Tun Tureyn plakatni chop etish uchun Blekvud yakka o‘zi mas‘ul ekanini aytgan.

Blekvud esa internetda kechirim so‘ragan va mahkama jarayonida ham pushaymonligini izhor qilgan.

Ammo hakam Yye Lvin garchi Blekvud kechirim so‘ragan esa-da, plakatni Facebook da chop etish orqali "diniy e‘tiqodni qasddan tahqirlashga til biriktirgani"ni ta‘kidlagan.

Yangi zelandiyalik ayblanuvchi mahkama hukmidan shikoyat etishini bildirgan.

Human Rights Watch inson haqlari tashkilotining Osiyo bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari Fil Robertsonga ko‘ra, mahkamaga tortilgan uch shaxs madaniy jihatdan "nohassos" harakat qilishgan, ammo qamoq jazosiga mahkum etilmasliklari kerak edi.

Unga ko‘ra, hukm Birmada fikr va ifoda erkinligining jiddiy tahdid ostida ekanini ko‘rsatadi.

So‘nggi yillarda Birmada buddaviy millatchilikning kuchaygani kuzatiladi.

Viratu kabi ekstremist buddaviy rohiblarning tarafdorlari ko‘paygan va Rohinada musulmon ozchilik hujumlarga uchragan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02