Ukrainada avtohalokat tartibsizliklarni keltirib chiqardi

Image copyright konstantinovka.com.ua

Ukrainaning Donetsk viloyati Konstantinovka shahrida harbiylar mashinasining piyodalar yo‘liga chiqib ketishi ortidan sakkiz yoshli qizcha halok bo‘lgan. U bilan birga bo‘lgan ayol jarohatlar bilan kasalxonaga yotqizilgan, ikkinchi bolaga zarar qilmagan.

Yo‘l harakati hodisasi dushanba kuni tushdan keyin ro‘y bergan.

Viloyat militsiyasi jangovar mashina piyodalar yo‘lida ayol va ikki bola ustiga qarab yurganini tasdiqlagan.

Image copyright konstantinovka.com.ua

Donetsk viloyat militsiyasi rahbari Vyacheslav Abroskinga ko‘ra, hodisa harbiylar yo‘l harakati qoidasini buzganlari oqibatida yuz bergan.

YHH sababchilari qo‘lga olingan va harbiy prokuraturaga topshirilgan. Xabarlarga qaraganda, harbiylar mast bo‘lishgan.

Yetarli nazorat ko‘rsatmagani uchun mas‘ul komandirlar ham javobgarlikka tortiladi, degan Mudofaa vazirligi rasmiysi.

Guvohlarning aytishicha, hodisa yuz bergan joyda katta olomon paydo bo‘lgan.

Image copyright konstantinovka.com.ua

Hodisadan biroz o‘tib 100 ga yaqin kishi ukrainalik harbiylar yashaydigan yotoqxona oldida yig‘ilganlar. Olomon bino oynasiga toshlar otgan va bir nechta mashina shinalarini yoqqan.

Bundan so‘ng g‘azablangan olomon harbiylar yashaydigan maktabga qarab yurgan.

Mahalliy aholi aybdorlar jazolanmay qolishidan xavotirda.

Mudofaa vazirligi yo‘l harakati hodisasidan tartibsizliklar keltirib chiqarishga uringanlar qattiq jazolanishini aytgan. Shuningdek, hukumat vaziyatga qarab o‘q otishga tayyorligini ham e‘lon qilgan.

Hodisani keltirib chiqargan harbiylar Kramatorskga olib ketilgan.

Donetskdagi Konstaninovka shahri Ukraina hukumati nazorati ostida.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02