General Do‘stum nimadan shikoyatda?

Image copyright bbc uzbek
Image caption General Do‘stum: "Meni xalq general darajasiga ko‘targan!"

"New York Times" ro‘znomasi "Afg‘oniston vitse-Prezidenti, sobiq urush qo‘mondoni chekalantirilgach, tutaqmoqda" degan maqolani chop etdi. Maqola muallifi A‘zam Ahmadning aytishicha, Do‘stum bundan biroz avval xavfsizlik kengashida yig‘lagan.

"Xavfsizlik bo‘yicha yig‘ilish endigina boshlanganida Afg‘oniston vitse-Prezidenti, sobiq urush qo‘mondoni Abdul Rashid Do‘stum yig‘lay boshladi.

Bu Milliy xavfsizlik kengashining odatiy haftalik yig‘ilishining g‘alati boshlanishi edi. Yuzlab Tolibon mahbuslarini o‘ldirishda ayblangan janob Do‘stum chindan to‘lqinlangan edi. U xonadagi boshqa qudratli shaxslar tarafidan e‘tiborsiz qolganidan nolib, Prezident Ashraf G‘ani hamda uning xavfsizlik maslahatchisi Hanif Atmarni tilga oldi.

"Hech kim mening telefon qo‘ng‘iroqlarimga javob bermayapti!" - deb o‘kirdi u bundan bir qancha avval o‘tgan yig‘ilishda. Buni ushbu majlisda qatnashgan ikki kishi tasdiqladi. "Men faqat vatanimizga yordam bermoqchiman. Xalq meni general darajasiga ko‘tardi, biroq hech kim mening maslahatlarimga quloq solmaydi!"

Ro‘znomaning yozishicha, bu sahna urush qo‘mondoni Do‘stumning qog‘ozda mamlakatning eng ahamiyatli siyosatchilaridan biriga g‘alati ravishda aylanganligini izohlayotgandek edi. Sentyabr oyidan beri vitse-Prezident lavozimini egallagach, u o‘zini yakkalangan holda topa boshladi va bundan jig‘ibiyron bo‘ldi.

Ashraf G‘ani uni o‘tgan yili o‘ziga sherik qilib tanlaganida, bu qaror ancha mubohasali ravishda qarshilangan edi. Inson huquqlari faollari uning o‘tmishini esga solib, jinoyatlari haqida ogoh etishar, biroq Afg‘onistonning 10%cha o‘zbek aholisining Do‘stumga sadoqati G‘aniga qo‘l kelgan edi.

Qarama-qarshiliklarga qaramasdan kuzatuvchilar Do‘stumning lavozimni egallash bilanoq ko‘ngli to‘yadi degan fikrda edilar, chunki vitse-Prezident lavozimi Afg‘oniston siyosatida ilk bor kiritilayotgan edi. Lekin endi ayon bo‘lishicha, hisob-kitoblarda xato ketgan ekan, - deb yozadi ro‘znoma.

Noyabr oyida u Kobulda yuz bergan xudkushtlik hujumi sahnasida paydo bo‘lib, kameralar o‘ngida og‘ziga kelgan narsalarni gapira boshladi. Jumladan u o‘zining o‘tmishini eslab, o‘z payti 45 ming Al Qoida jangarilarini mamlakatdan surib chiqarganligini tilga oldi.

Undan keyingi oy u to‘satdan 20 ming kishilik qo‘shin tuzib, mamlakatning eng xavfli mintaqasiga yuborish g‘oyasini bilan chiqdi. Kechroq u gaplaridan tondi, lekin siyosiy mavjlar mamlakat bo‘ylab tarqab bo‘lgan edi.

So‘ng u ulkan tantana ila Jovzjon viloyatida 200 Tolibonning tinchlik jarayoniga qo‘shilishga undaganini bildirdi. Biroq ma‘lum bo‘lishicha, bular uning sobiq askarlari ekan. Mahalliy faolu qariyalarning bildirishicha, ularning soni ham 200 emas, 30-40 atrofida ekan.

Ro‘znomaning yozishicha, ular Do‘stumdan bu maqola xususida sharh so‘rashgan, biroq u javob bermagan.

Yuqorida aytilganlarining ba‘zilari maroqli tuyulsa-da, muammo ancha jiddiy. Gap shundaki, deb yozadi ro‘znoma, agarda G‘aniga bir narsa bo‘lgudek bo‘lsa, hokimiyat vitse-Prezident Do‘stumga o‘tadi. "Biz buni hech qachon unutmasligimiz kerak!" - deb aytgan G‘arb diplomatlaridan biri xavotir ila.

Ashraf G‘ani Do‘stumdan saylovlar davrida foydalangach, keyinchalik uni anchayin ihotalab qo‘ydi. Do‘stum, G‘arb va Afg‘on rasmiylarining ro‘znomaga bildirishicha, qaror qabul qiluvchi ichki davradan uzoqlashtirildi. Tilga olingan majlisda Do‘stum Ashraf G‘anini o‘zini "fashistlar" bilan qurshab olganida ayblagan.

Ashraf G‘ani aftidan "six ham kuymasin, kabob ham" qabilida ish olib bormoqchi, lekin buni eplash, chamasi, ancha qiyin kechmoqda.

Shu kunlarda Do‘stum janoblari o‘zini mashg‘ul tutib, millat orasida "har kim sog‘lom bo‘lsin" degan dasturni yoyishga harakat qilmoqda. Bu dastur sport bilan shug‘ullanish hamda to‘g‘ri ovqatlanishni o‘z ichiga olgan. Olimpik sport ham uning qaramog‘idadir. Biroq u yaqinlariga: "Men Ronaldo emasman! Meni faqat futbol bilan qoniqtira olishmaydi!" - deb aytgan.

Ba‘zilar Do‘stumni va uning tilga olingan yig‘inda baqir-chaqirini jiddiy qabul qilishmoqda. Jumladan Toliblarning Qunduz viloyatidagi rahbari Mulla Abdul Salom general Do‘stumning yangi qo‘shinlar haqidagi g‘oyasini izohlab, uni targ‘ibot urushi deb atagan. Bu bilan bir qatorda, uning fikricha, bu kabi g‘oyalar chet ellardan ulkan mablag‘larni talab qilib, bularni xalq yo‘lida ishlatishdan chalg‘itadi, deb aytgan u.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02