O‘zbekistonda chiqadigan Cobalt va Spark Rossiyaga sotilishi to‘xtatiladi

Image copyright Reuters

O‘zbekiston va AQShning qo‘shma GM-Uzbekistan kompaniyasi joriy yilda Rossiya bozoriga Chevrolet Cobalt va Chevrolet Spark avtomobillarini yetkazishni to‘xtatadi.

Autoreview nashrida yozilishicha, O‘zbekistonda ishlab chiqariluvchi bu avtomobillarning Rossiyadagi ko‘rgazma va savdo zallari yopiladi, biroq avval sotilgan avtomobillar uchun ehtiyot qismlarni yetkazib berish davom etadi.

General Motors kompaniyasining prezidenti Dan Amman bu qarorni Rossiya bozorining mavhumligi bilan izohladi.

"Bu qaror bizga uzoq kelajagi noaniq bo‘lib qolayotgan bozorga jiddiy sarmoya kiritmaslikka yordam beradi", - dedi u.

U Rossiyada nafaqat Chevrolet avtomobillarining savdoshi to‘xtatilishi ham aytdi.

"Chevrolet Rossiyaga mahsulot yetkazish ko‘lamini kichraytiradi, Opel esa 2015 yil dekabriga borib butunlay Rossiyadan chiqib ketadi", - dedi kompaniya prezidenti.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi jang qilayotgan isyonchilarga harbiy dastak berishi tufayli o‘rnatilgan AQSh va Ovro‘po Ittifoqi sanktsiyalari qator G‘arb shirkatlarining Rossiyadan chiqib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillarning Rossiyadagi savdosi ham susaygan.

Joriy yilning yanvar va fevral oylarida savdo o‘tgan yilning shu oylariga solishtirilganda 56 foizga kamaygan.

O‘zbekiston o‘tgan yili Rossiyaga 37,695ta avtomobil eksport qilgan. Bu esa 2013 yilgi savdodan 38 foiz kamdir.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002