Toshkentning "smart" o‘tovlari ko‘chmanchi biznes uchun yaxshimi?

Toshkent - non shahri. Toshkentning donini cho‘qigan qush Xirotdan ham qaytib keladi.

Xullas, Toshkentda odam hech qachon och qolmaydi. Hamma yoq ovqat, bozor-u, kafe, restoran. Mulla jiringing bo‘lsa bas, changalda sho‘rva. Hozir ovqat biznesida xizmatlar cho‘qqisiga chiqqan bir davr.

Uyingga bir zumda buyurtmangni ham yetkazib berishadi skuterdagi shovvozlar. Eee, kerak bo‘lsa to‘y oshini chet elga ham paxta gulli konservada eksport qilib yuboramiz, buyurtma bo‘lsa bas.

Mijozda shunchalar tanlash imkoniyat ko‘pki, endi tadbirkorlar nafaqat mazali taom balki qulay va g‘ayrioddiy, odamni o‘ziga jalb qiladigan ovqatlanish maskanlarini qurish ustida bosh qotirishmoqda.

Ular ham rivojlangan mamlakatlardagi kabi o‘z brendlarini yaratib, uning mavqeini oshirishga kuni-tun harakat qilishmoqda. "Art-kafe" degan tushunchalar ham o‘zbeklarga begona bo‘lmay qoldi.

Shunday muvaffaqiyatli g‘oyalardan biri - zamonaviy o‘tov. Uning ichida ulfatlar yozu-qish mazza qilib hordiq chiqarsa bo‘ladi. Sababi uning poli kareyscha "kuduri", ya‘ni isitish tizimiga ulangan.

Undan tashqari konditsionerlari ham mavjud. Eng asosiy qulayligi - shovqin yo‘q, bemalol u yoq-bu yoqdan gaplashib gurunlashsang bo‘ladi kishi. Ba‘zi kafelarning taomi sifatli bo‘lgani bilan, musiqasi juda baland bo‘ladi. Odam bir miriqib yoru-birodarlar bilan suhbat qila olmaydi.

Axir odam restoranlarga faqatgina ovqatlangani bormaydi-ku… Mehr ko‘zda degandek… Shu jihatdan bu kabi o‘tov-restoranlar xo‘randalar orasida ommabop bo‘lmoqda.

Xohlasang o‘tovning ichidagi televizorda musiqiy kliplarni ham bemalol yostiqqa yonboshlab, chilimni qurrillatib tomosha qilsangiz bo‘ladi.

Jumladan Xosila Rahimovaning shu mavzudagi qo‘shig‘ini ham: Boshimda boshpana o‘tov, necha ming yastana o‘tov…

Endilikda o‘tov nafaqat boshpana balki daromad manbaiga ham aylanib bo‘ldi.

Sarlavhaga qaytsak, "smart" (aqlli) telefon, uy, mashina va hokazo deganlaridek... Toshkenda xozir "aqlli" o‘tovlar yomg‘irdan keyingi chiqqan qo‘ziqorindek ko‘payib ketmoqda. Uning aqlli ekanligi wi-fi va zamonoviy qulayliklarga egaligi emas, balki "aqlli" sarmoya ekanligida ko‘rinadi.

Sababi bor-yo‘g‘ini tikib koshona qurganlarning ahvoli nima kechgani haqida ko‘p eshitganmiz. Ya‘ni hokim kelib "yig‘ishtir karam sho‘rvangni, bu yerga yo‘l tushadi" deganda, ba‘zi tadbirkorlar yurak xuruji bo‘lgani haqida.

Shundan kelib chiqqan holda, agar shunaqa holat yana ro‘y bersa o‘tov egasi "bir og‘iz so‘zingiz, hokim buva" deb, to‘rtta cho‘pi va kigizini yechib olib nariroqdagi bo‘sh yerga o‘tovini tikib biznesini davom ettiraveradi. Hech qanday yurak xuruji bo‘lishga ham o‘rin qolmaydi. Qolaversa, millionlab sarflab koshona qurib o‘sha ovqatni sotib qachon sarmoyangni oqlaysan?!

Ayrim xolatlarda Uzbekiston sharoitida Toshkent aholisi asli o‘troq bulishiga karamay biznesda ko‘chmanchi bo‘lishlikni taqozo etadi.

Your contact details
Disclaimer