Tunis hujumiga aloqadorlikda 4 kishi hibsga olindi

Image copyright AFP

Tunis prezidenti devonidan bildirishlaricha, chorshanba kuni mamlakat poytaxtida 23 kishini nobud qilgan hujumga aloqadorlikda to‘rt kishi hibsga olingan.

Halok bo‘lganlarning 20 nafari xorij fuqarolaridir.

Prezident devoni Tunisning yirik shaharlariga armiya joylashtirilishini ham aytdi.

Bardo muzeyidagi ikki hujumchidan biri Yassin Laabidiy haqida hukumat avvaldan ma‘lumotga ega bo‘lgani aytiladi.

Xavfsizlik kuchlari muzeyga bostirib kirganlarida Laabidiy va uning sherigi Hatem Xachnauiy otib o‘ldirilgan.

Hujumda Yaponiya, Kolumbiya, Britaniya va boshqa Ovro‘po mamlakatlaridan kelgan sayyohlar nobud bo‘lishgan.

Image copyright Reuters

Payshanba kuni hibsga olingan kishilarning kimligi yoki hujumchilarga qanday aloqasi bo‘lgani ochiqlanmayapti.

O‘z bayonotida prezident devoni Tunis endilikda g‘ayrioddiy sharoitga yuz tutayotgani, hamda terrorchilar endi tog‘lardan shaharlarga o‘tishganini bildirdi.

Payshanba kuni hali ham muzeyda yashirinib o‘tirgan ikki ispaniyalik sayyoh va muzeyning bir tunislik xodimi topildi.

MSC Cruises va Costa Cruises nomli kruiz kompaniyalari Tunisda endi to‘xtab o‘tmasliklarini e‘lon qilishdi.

Bu hujum Tunisning yirik turizm sanoati uchun katta zarba bo‘lmoqda. Bir necha oy avval uzoq o‘zgarishlar ortidan shakllangan hukumat ham qattiq shikast yemoqda.

Tunisda islomiy jangarilar siyosiy islohotlarni izdan chiqarishga uringanlar, biroq shunga qaramay Tunis Yaqin Sharqdagi arab bahorining eng muvaffaqiyatli misoli bo‘lib qolmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002

Your contact details
Disclaimer