Karimov uchinchi muddatga saylanmoqdami?

OHHTning cheklangan missiyasi O‘zbekistondagi prezidentlik sayloviga doir yangi hisobotini e‘lon qilgan.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati Islom Karimov nomzodi nega Konstitutsiyaga zid ravishda yana prezidentlikka qo‘yilgani to‘g‘risida birinchi bor izoh bergan.

"Konstitutsiyada bir shaxsning ikki muddatdan ortiq prezidentlikka saylanishini cheklagan bo‘lsada, joriy prezident Konstitutsiya amal qilayotgan davrdan beri uchinchi muddatga saylanmoqda", deb qayd etgan rasmiylar.

O‘zbekiston Markaziy Saylov komissiyasi bildirishicha, kimning nomzodini ilgari surish siyosiy partiyalar xohishi va qarori bo‘lib, saylov komissiyasi faqat hujjatlarni qonunchilik talablari asosida ko‘rib chiqadi.

Shuningdek, rasmiylarning kuzatuvchilar guruhiga aniqlik kiritishlaricha, "muddat" aniq yillarni nazarda tutadi va oldingi prezidentlik muddati yetti yilni tashkil qilgan, hozirgisi esa undan farq qilib besh yildir. Shu boisdan keltirilgan muddatlar ikki ketma-ketlikni anglatmaydi.

Hisobotda shuningdek, fevral va mart oylarida bir guruh o‘zbekistonlik faollar Konstitutsion mahkama, Bosh Prokuratura, Senat va Markaziy Saylov qo‘mitasiga murojaat qilib, Islom Karimov nomzodini ro‘yxatga olish qonunga zidligi aytishgan. Biroq hanuzgacha fuqarolarning arizalariga biror bir rasmiy izoh berilmagani keltiriladi.

O‘zbekistonning amaldagi Konstitutsiyasi 1992 yilda qabul qilingan. Islom Karimov 1989 yildan hokimiyat tepasida o‘tiribdi. 2002 yilda o‘tkazilgan referendumda Karimovning prezidentlik muddati besh yildan yetti yilga uzaytirilgan. Biroq 2011 yilda Islom Karimov tashabbusi bilan prezidentlik muddati besh yil deb qisqartirishga kelishilgan. Shu tariqa Islom Karimovning hokimiyatda yana qolishini izohlash uchun sabab topilgan.

Ayni paytda Ovro‘poda Xavsizlik va Hamkorlik Tashkiloti kuzatuvchilar guruhi prezidentlik muddatini yetti yildan besh yilga o‘zgartirilishini noqonuniy ekanini ta‘kidlagan. "Referendum haqida" qonunning 1 moddasiga binoan, "referendum orqali qabul qilingan qaror" oliy yuridiy kuchga ega bo‘lib, uni faqat referendum orqali bekor qilish kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari O‘zbekiston Konstitutsiyasining 90 moddasi bir shaxsning ikki muddatdan ortiq prezidentlikka saylanishini qat‘iyan ta‘qiqlaydi.

Hech bir noodatiy natijalar kutilmayotgan 29 martda o‘tadigan prezidentlik saylovlari Islom Karimovning to‘rtinchi muddati hisoblanadi.

Prezidentlik saylovlarini kuzatish uchun O‘zbekistonga 400 xalqaro kuzatuvchi tashrif buyurishi aytilgan.

Biroq kuzatuvchilarda xohlagan saylov uchastkalarida ovoz berishni erkin holda kuzatish huquqi yo‘q.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02