Prezident saylovlari: to‘rtinchi muddat va to‘rtinchi hokimiyat

Image caption Karimov televideniyeda bot-bot ko‘rinish bermoqda

Saylovoldi kampaniyasining boshidan buyon o‘zbek rasmiylari barcha nomzodlarga teng efir vaqti berishga harakat qilishayotganini kuzatish mumkin.

Hatto davlat ro‘znomalari ham joriy Prezidentga ustunlik bermasdan, barcha nomzodlarga o‘z sahifalaridan teng joy ajratmoqda.

Karimovning Liberal-demokratik partiyaning 6 fevral kuni o‘tgan qurultoyidagi nutqi televideniye orqali namoyish etilmadi.

Ayrim tahlilchilarga ko‘ra, o‘sha paytda hali boshqa nomzodlar saylovoldi targ‘ibotlarini boshlamaganlari uchun shunday qilingan.

Vaholanki, Prezidentning chiqishini namoyish etish uning sog‘ligi haqidagi mish-mishlarni aritishga yordam bergan bo‘lur edi.

14 fevral kuni Markaziy Saylov Komissiyasi davlatning "O‘zbekiston" va "Yoshlar" tele va radio kanallarida har bir nomzodga 15 soatdan efir vaqti berish haqidagi qarorni qabul qildi.

MSKning aytishicha, ushbu efir vaqti nomzodlarning saylovoldi targ‘ibot roliklarini o‘z ichiga olmaydi.

Shuningdek, hukumatning "Xalq so‘zi", "Narodnoye slovo" hamda "Pravda Vostoka" kabi nashrlarida nomzodlar e‘lon qiladigan maqolalar 10 betdan oshmasligi kerak.

Fevral oyining o‘rtalarida to‘rt kun ketma-ket televideniye barcha nomzodlarning partiya yig‘ilishlarida qilgan saylov platformalari haqidagi nutqlarini olib ko‘rsatdi, Karimov uchinchi bo‘lib ko‘rsatildi.

Telekanallar nomzodlarning viloyatlarga safarlarini ham yoritmoqda.

Saylovchilar bilan uchrashuvlarda nomzodlarning faqat o‘z dasturlarini o‘qib berayotganlari aks etadi.

Hozirga qadar ularning birontasi ham televizion munozaralarga kirishgani kuzatilmadi.

Matbuotdagi jimlik

Xorijdagi o‘zbek muxolifati Prezident Karimovni yana bir muddatga saylanish orqali mamlakat Konstitutsiyasini buzganlikda ayblaydi.

Ammo O‘zbekiston ichkarisida Karimovning hokimiyatda qolish huquqi savol ostiga olinayotgani yo‘q.

Ushbu mavzu Prezidentning o‘zi doxil, hukumat mulozimlari va matbuotning nazaridan butkul chetda qolmoqda.

Image caption UzA Prezidentning yangi yil tabrigini Karimovning yoshlikdagi ushbu surati ostida chop etgan

O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari bir shaxsning ikki martadan ko‘p prezidentlikka saylanishini taqiqlovchi Konstitutsiyaning 90-moddasi haqida sukut saqlamoqda.

Prezidentning yoshi va yuksak lavozimga layoqatliligi, aftidan, man etilgan mavzular hisoblanadi.

Janob Karimovning ro‘znomalar va davlat xabar agentliklari chop etayotgan suratlariga nashr etilishidan avval diqqat bilan jilo beriladi.

Ushbu tajriba bir necha yildan buyon davom etib keladi.

Prezidentning xorijiy matbuotda e‘lon qilinayotgan suratlari mahalliy matbuotdagi suratlardan keskin farq qiladi.

O‘zbekistondagi ommaviy axborot vositalari prezident va saylovlar haqidagi xabarlarida "to‘rtinchi muddat", "merosxo‘rlik" yo-da "muxolifat" so‘zlarini umuman ishlatmaydi.

Mamlakatda saylovlarga bog‘liq bironta namoyish yoki yurishlar bo‘lib o‘tgani yo‘q.

Ijtimoiy tarmoqlarda saylovlar haqidagi tanqidiy izohlarning ko‘pchiligi mamlakat tashqarisidan kelayotganini ko‘rish mumkin.

Karimov oynai jahonda

Amaldagi Prezident oynai jahonda bot-bot ko‘rinish bermoqda.

Birgina yanvar oyida Prezident Karimov O‘zTVda kamida yetti marta ko‘rsatildi.

Bu odatiy emas.

Image caption Matbuot barcha nomzodlarga teng vaqt ajratishga harakat qilmoqda

Jumladan, janob Karimov Vazirlar Mahkamasi yig‘inida uzun nutq irod qildi va parlamentda uch marta chiqish qildi.

O‘z chiqishlarida u iqtisodiy taraqqiyot va turmush darajasining "tez suratlarda o‘sib borayotganini" urg‘uladi.

Umumiyat-la, ijtimoiy tarmoqlardagi sharhlardan xulosa qilinadigan bo‘lsa, O‘zbekistondagi aksariyat ko‘pchilik Karimovning qayta saylanishiga e‘tiroz bildirmaydi.

O‘zbekistonda odamlar saylovlarning shunchaki bir rasmiyatchilik ekaniga o‘rganib qolishgan.

Saylovlarda ovoz berish ham mumkin, bermaslik ham.

Ayni paytda davlat matbuotining mamlakatdagi tinchlik va barqarorlikning qadriga yetish haqidagi kampaniyasi ta‘sirli bo‘layotgan bo‘lishi mumkin.

Telekanallar oddiy odamlar va diniy ulamolar bilan suhbatlarni namoyish etishgan, ularda hukumatning tinchlik va barqarorlikni saqlashga qaratilgan sa‘y-harakatlari olqishlanadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02