Virtual saylov komissiyasi sayti hujumga uchradi

Internetda O‘zbekiston prezidentligi uchun virtual saylovni tashkil qilgan Virtual saylov komissiyasi rasmiy saytiga xakerlik hujumi bo‘lgan.

Saytga kirmoqchi bo‘lgan o‘quvchi uyatsiz suratlar va vahshiylik aks etgan videolarga ko‘zi tushishi mumkin.

Komissiyaning matbuot kotibi Ulug‘bek Bakirov ma‘lum qilishicha, ayni paytda saytni tiklashga harakat qilinmoqda.

Bundan oldin, 17 martda ham sayt xakerlik hujumiga uchragan. Bu 15 martda saylovning birinchi natijalari e‘lon qilingandan so‘ng kuzatilgan edi.

Virtual saylov komissiyasiga ko‘ra, dastlabki natijalar o‘rganilganda, hukumat tomonidan qo‘yilgan uch nomzod: Hotamjon Ketmonov, Narimovn Umarov va Akmal Saidovga bir necha manzildan soxta ovozlar berilgani aniqlangan.

Xakerlik hujumi Virtual saylov komissiyasi bu haqda saytda xabar berish ortidan yuz bergan.

Virtual saylov komissiyasi bildirishicha, agar saytning faoliyati qayta tiklanmasa, shu paytgacha olingan ovozlar ko‘rsatkichini oxirgi natijalar sifatida qabul qilishga to‘g‘ri keladi.

Biroq, Virtual saylov tashkil qilinib, faoliyat olib borgan vaqt davomida oldiga qo‘ygan maqsadlarga ma‘lum darajada erishdi, O‘zbekistondagi saylovlardan farqli o‘laroq, haqiqiy demokratik saylov to‘g‘risida tushuncha berdi. Shu boisdan, saytimizga qilinayotgan hujumlar virtual shaklda bo‘lsada O‘zbekistondagi saylovlarga munosib qarshi tura olganimizni anglatadi. Xakerlik ham hukumat tomonidan sodir etilganiga shubha qilmasa bo‘ladi, deydi komissiya matbuot kotibi.

Virtual saylov komissiyasi tomonidan 12 nomzod ro‘yxatga olingan. Ulardan uchtasi O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan nomzodlar, qolgan to‘qqiztasi hukumat siyosatiga muxolif qarashda bo‘lgan nomzodlar hisoblanadi.

O‘zbekistonda 29 martda o‘tkazishi kutilayotgan prezidentlik saylovidagi asosiy nomzod, joriy prezident Islom Karimov Virtual saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinmagan. Islom Karimov nomzodining prezidentlikka qo‘yilishi Konstitutsiyaning 90 moddasiga zid ekani to‘g‘risida alohida qaror chiqarilgan.

O‘zbekiston Konstitutsiyasi 90- moddasida "Bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti bo‘lishi mumkin emas" deyiladi.

Biroq bu qonun 1991 yildan beri mamlakat rahbarligiga to‘rt marta nomzodi qo‘yilgan Islom Karimovga nisbatan qo‘llanilmay keladi.

Virtual saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan nomzodlarga ovoz berish 1 martdan boshlangan, 29 martda nihoyasiga yetishi kerak. Yakuniy natijalar 30 martda e‘lon qilinishi aytilgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02