Ukraina Yanukovichning o‘g‘li o‘limini tasdiqlamoqda

Image copyright unian

Ukrainaning sobiq prezidenti Viktor Yanukovichning kichik o‘g‘li Viktorning Baykalda cho‘kib vafot etgani haqidagi xabarni muxolif qanot deputati Nestor Shufrich tasdiqlagan.

"Afsuski, bu rost", - deb aytgan u BBCning Ukraina xizmatiga.

Siyosatchining matbuot xizmati kichik Viktor Yanukovich o‘limi munosabati bilan marhumning oilasiga ta‘ziya izhor etgan Facebookda.

Ukrainalik deputat Anton Gerashchenko ham o‘z manbalariga tayanib Yanukovich o‘g‘lining o‘limini tasdiqlaydi.

Xabarlarga qaraganda, kichik Viktor Yanukovich boshqarib ketayotgan Folksvagen Multivan mikroavtobusi muzga tushib ketgan. Avtomobil ichidagi besh yo‘lovchi tushib qolishga ulgurgan, biroq haydovchi cho‘kib ketgani aytiladi.

Biroq Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi halok bo‘lgan kichik Viktor Yanukovich ekanini tasdiqlamayapti.

FVV saytidagi xabarga ko‘ra, Baykalda cho‘kkan mashinaning haydovchisi 1981 yilda Moskvada tug‘ilgan Viktor Davidov degan shaxs ekani aniqlangan.

Ma‘lumotlarda aytilishicha, kichik Viktor Yanukovich ona tomonidan familiyasi Davidov bo‘lgan va u ham 1981 yilda tug‘ilgan.

Biroq Viktor Yanukovichning Rossiyada Davidov familiyasi bilan yashagani aniq emas.

RIA Novostining maxsus xizmatlardagi manbalariga asoslanib xabar tarqatishicha, Yanukovichning o‘g‘li xavfsizlik yuzasidan familiyasini o‘zgartirgan bo‘lishi mumkin.

Ukrainada sobiq prezident Viktor Yanukovichga nisbatan davlat mablag‘ini o‘zlashtirish, xizmat vazifasini suiste‘mol qilish va boshqa bir qancha ayblovlar bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. Viktor Yanukovich va oila a‘zolari Kiyevdagi voqealar ortidan Rossiyadan boshpana topgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02