Gulnora Karimova "olgan pullar" aloqa xizmatlari qimmatligining sababimi?

Image copyright Getty

Xalqaro mobil aloqa shirkatlari O‘zbekistonda tez sur‘atlar bilan rivojlanayotgan bozorga sarmoya yotqizish imkoniyatiga ega bo‘lganlarida, aslida prezident qizining chegarasiz moliyaviy ambitsiyalarini qondirishlari kerakligidan xabardormidilar?

Ayni paytda Shvetsiya-Finlandiyaning TeliaSonera va Rossiyaning "Vympelkom" shirkatlari O‘zbekistonda faoliyat olib borishlari uchun O‘zbekiston Prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga katta miqdorda pora berganlari to‘g‘risida tekshiruvlar davom etmoqda.

O‘z tarkibida dunyoning ko‘pgina mamlakatlaridagi jurnalistik tergov tashkilotlarini uyushtiruvchi "Uyushgan jinoyatchilik va Korruptsiyani o‘rganish loyihasi" (OCCRP) qo‘lga kiritgan yangi ma‘lumotlar Gulnora Karimovaning korruptsion amallari ilgari keltirilgan hisoblardan ancha keng ekanini oshkor qiladi.

Tashkilotdagi moliyaviy hujjatlar Karimova xonim o‘zi aloqador bo‘lgan xalqaro telekommunikatsiya shirkatlaridan 1 mlrd dollardan ortiq to‘lov olganini ko‘rsatadi.

Ayni paytda aholisining aksariyati kambag‘al bo‘lgan mamlakatda mobil aloqa foydalanuvchilarining nisbiy soni dunyoda eng yuqorilarni tashkil etadi.

Xalqaro tashkilotda Karimova xonim kamida olti xalqaro telekommunikatsiya shirkatlari, jumladan uch Amerika kompaniyasiga Wi-Fi va WiMAX xizmatlarini olib borish imkoniyati uchun o‘z shartlariga ko‘ndirgani haqida ma‘lumotlar bor.

Gulnoraning adoqsiz rejalari O‘zbekiston aholisining pullari evaziga amalga oshgan. Bu pullar odamlarga nafaqa to‘lash, sog‘liqni saqlashlari uchun ishlatilishi mumkin edi, biroq ular ofshor yo‘llar orqali banklarga yuborilgan, shuningdek, butun dunyodan ko‘chmas mulklar, xususan Fransadagi qal‘a va Hongongdagi pentxauzni sotib olishga sarflangan, - deyiladi hisobotda.

Unda aytilishicha, hatto aytilayotgan 1 mlrd dollar ham taxmin qilinayotgan poraxo‘rlik va tovlamachilikning miqyosini belgilay olmasa kerak. Chunki uning biznesidagi ko‘p mulklar hali ozod qilinmagan.

Ayni paytda, u bilan aloqada bo‘lgan xalqaro shirkatlar o‘zlarining aybsizligini ta‘kidlab, o‘zlari berayotgan mablag‘lar pora ekanini bilmaganlarini aytishmoqda.

Ko‘p yillar davomida Gulnora Karimova O‘zbekistondagi marosimlarning oldi bo‘lib keldi. Biroq endi otasining g‘azabiga duchor bo‘lib, uy qamog‘ida saqlanayotgani aytiladi. O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari uni uyushgan jinoiy guruhlarga aloqadorlikda davlat xazinasidan, jumladan Uzbekistan Airways, Coca Cola, neftni qayta ishlash korxonalaridan tovlamachilik, shantaj va tahdidlar bilan 53 mln dollar mablag‘ni o‘zlashtirganlikda ayblashgan. O‘shandan buyon unga tegishli tashkilotlar yopilgan va bir necha yaqin sheriklari hibsga olinib, bir necha yilga qamalgan.

AQShda ta‘lim olgan, o‘zidan pop yulduz, modeler, taniqli inson, diplomat va tadbirkor yasagan Gulnora Karimovaning asl mahorati uning shafqatsiz siyosiy korruptsiya brendiga ega ekanligidir, deb qayd etadi tashkilot.

Hujjatlarga ko‘ra, TeliaSonera Gulnora Karimovaga 381 mln to‘lagan va qo‘shimcha 75 mln dollar va‘da qilgan. O‘zbekiston bozoridagi boshqa shirkatlar ham shu qatori mablag‘lar to‘lashganligi ta‘kidlanadi. Karimova xonim shuningdek AQShning ikki shirkatidan O‘zbekistonda faoliyat yuritishlari uchun yirik miqdorda pul olgani keltiriladi, Uyushgan jinoyatchilik va Korruptsiyani o‘rganish loyihasi ma‘lumotlarida.

Shunga qaramay, O‘zbekistonda internet va mobil aloqa xizmatlari sobiq Sho‘ro davlatlari orasida eng qimmatlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Ayrim holatlarda O‘zbekistonda internet xizmati o‘nlab barobar qimmatroqdir.

Aksariyat internet foydalanuvchilari xizmat ko‘rsatish sifatining o‘ta abgorligidan shikoyat qilishadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02