"Keldi ochilur chog‘ing, o‘zliging namoyon qil..." futbol maydonchasida!

Image copyright AFP
Image caption Futbol o‘ynasakmi va keyingi rasmdagi choyxona palovga borsakmi?

Bahor kelib mini-futbol maydonchalari ham ancha g‘imirlab qoldi.

Bamisoli uzoq uyqudan chiqqan ayiq kabi, qishdan zerikkan bolalar, yigitlar, hattoki katta yoshdagi kishilar ham ochiq maydonchalarga oshiqishni boshladi.

Avvallari sal yoshing kattaroq bo‘lib futbolga ketayapman desang, "xo‘kizdek kishiga nima bor bitta koptokning ketidan chopib, undan ko‘ra u-bu foydali ish qiling" degan so‘zlarni eshitarding.

Endi esa ba‘zilar faxr bilan aytadi buni…

Sababi sog‘lom turmush tarzini odat qilish kerak ekanligini ko‘pchilik anglab yetganday hozirgi kunda…

Qolaversa, avvallari qorning qanchalik katta bo‘lsa shuncha hurmating "avtoriteting" zo‘r bo‘ladi degan tushunchalar ham mavjud edi.

"Qorin emas, savlat bu, savlat", deyishardi.

Endi esa buning turgan bitgani zararli yog‘(xolesterin) ekanligi hech kimga sir emas.

Erkaklar orasidagi o‘limga ham asosan yurak xuruji sabab bo‘layotgani ayon bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, o‘tirib ishlash tufayli kam harakatlik keng tarqalmoqda.

Masalaning boshqa tarafi esa dori-darmon va davolanish qimmatligidir. Yoki bo‘lmasa ba‘zilar choyxona-poyxonada bosib yog‘li taomni yeb, ulfatlar bilan gurunglashgandan, shinam qurilgan, chiroqlar bilan yoritilgan maydonchada kechki salqin maktab davrlarni eslab to‘p surishni avzal ko‘rishmoqda.

Agar sizda o‘z jamoangiz bo‘lmasa, lekin rosa ham futbol o‘ynashni istasangiz uning ham chorasi bor.

Hozirda Facebook yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlarda "Futbol o‘ynaymiz" degan guruhlar bor. Shularga bir qator qilib qachon va qaysi maydonchaga borishni yozib yuborsangiz bo‘lgani...

Image caption "O‘ldirsa ham, osh o‘ldirsin" degan maqol eskirib qoldimi?

Shuning uchun ko‘pchilik tadbirkorlar qimmat to‘yxona yoki restoran qurgandan ko‘ra, futbol maydonchasini qurib ijaraga topshirishmoqda. Maydonchani bunyod qilish uchun unaqa katta sarmoya ham kerak emas, yerdan tashqari qurilishga o‘rtacha 10 ming dollar zarur bo‘ladi. Talab bo‘lgandan keyin taklif ham o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladi, albatta.

Soati 40 ming so‘mdan edi kun sovuqroqda, mana kunlar iliy boshlashi bilan u ham 50 ming so‘mga ko‘tarilib oldi.

10 kishi uchun bu arzimagan pul.

Qizig‘i, telefon qilib, kechki vaqtga bo‘sh maydoncha topish ham amru mahol bo‘lmoqda, azbaroyi talab kuchayganidan.

Odamlarning o‘z sog‘ligi haqida qaygurishi albatta quvonarli hol!

Qolaversa, futbol bu angliyaliklarning eng yaxshi ixtirosi bo‘lsa kerak.

U haqiqatdan ham millionlar o‘yini. Va uni eng demokratik o‘yin deb atasa ham bo‘ladi, chunki uni yoshi, jinsi, irqidan qat‘iy nazar barcha uynasa bo‘ladi.

Olimlarning aniqlashicha, uning sog‘liqqa foydaliligi nafaqat yugurish ekan, balki eng asosiy jihati bu – zavqu shavq va extiroslarni izhor etish ekan.

Misol uchun o‘yin vaqtida bemalol baqirib xursand yoki norozi bo‘lishingiz mumkin.

Bu esa odam ichida yig‘ilgan g‘uborlarni chiqarib tashlar ekan.

Ayni shu kabi g‘uborlar esa alal-oqibat insonni depressiyaga olib kelar ekan.

Dunyoda eng ko‘p ishlaydigan va eng uzoq umr ko‘radigan millat - yaponlar ekanligi hech kimga sir emas.

Buning sabablaridan biri ularning ish joylarida salbiy his-tuygularni chiqarib yuborish imkoni borligi bo‘lsa ajab emas.

Ba‘zi bir katta korporatsiyalarda xo‘jayinning siymosi kabi katta qo‘g‘irchiqlar bor. Bir narsadan norozi bo‘lib g‘azablangan ishchi shu qo‘g‘irchoq "boshliq"ni bemalol do‘pposlashi yoki unga o‘shqirishi mumkin.

Shunday jarayondan keyin bemalol yana o‘z ishida yengil ruh bilan davom ettaveradi.

Bu ham sog‘liqqa foyda va ham ishning samarasida ijobiy natija berar ekan.

Futbol ham xuddi shu yondashishning boshqa bir ko‘rinishi desak mubolag‘a bo‘lmaydi…

Ayniqsa bugun, ayniqsa O‘zbekistonda…

Chunki hali boshliqlarning qo‘g‘irchoq muqobilini do‘pposlaydigan kuch yig‘ilgani yo‘qday…Futbol o‘ynang!

O‘zbekistonlik muxlis

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02